Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi mas’ul rahbarlari IIV akademiyasida master-klass mashg‘ulotlari o‘tishdi.
Mashg‘ulotlarda huquqbuzarliklar profilaktikasi, tezkor-qidiruv, ekspert-kriminalistika, xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik ta’minlash, jazoni ijro etish, tashkiliy-shtab, probatsiya, raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish yo‘nalishlarida ta’lim olayotgan kursantlar qatnashdi.
Soha mutaxassislari ichki ishlar organlaridagi keng qamrovli islohotlarni qamrab olgan holda yosh kadrlarga qo‘yilayotgan dolzarb talablar, kasbga moslashish, faoliyatda yuqori ko‘rsatkichlarga erishish, kasbiy salohiyatni oshirish omillari, nazariy bilimni amaliy ko‘nikmalar bilan boyitishda dual ta’lim tizimining o‘ziga xos ahamiyati hamda boshqa jihatlarga to‘xtalib o‘tishdi.
Muloqot tarzida o‘tgan mashg‘ulotlar davomida kursantlar kerakli tavsiyalar oldilar. Akademiyani bitirish arafasida turgan yoshlar bilim, dunyoqarash, jangovar-jismoniy tayyorgarlik, ma’naviy-axloqiy jihatdan har tomonlama professional bo‘lishi, yangi avlod kadrlari sifatida yuksak burch va mas’uliyat bilan xizmat qilishi lozimligi ta’kidlandi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati