Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan tadbirlar yoshlar muammolarini tinglash va manzilli hal etishda samarali tizim vazifasini o‘tamoqda.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasida tashkil qilingan “Rahbar va yoshlar” uchrashuviga Chirchiq shahrining “Mirza G‘olib”, “Yoshlik”, “Nur” va “Birlik” mahallalarida istiqomat qilayotgan o‘ttizga yaqin uyushmagan yoshlar taklif qilindi.
Tadbir avvalida ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida o‘quv dargohi bo‘ylab sayohat uyushtirildi. Axborot-resurs markazi, o‘quv xonalari, saf maydoni, sport majmuasi va boshqa joylarni ko‘zdan kechirgan yoshlar mamlakatimiz ichki ishlar organlari uchun professional kadrlar tayyorlab berayotgan maskan haqida boy taassurotga ega bo‘lishdi.
Shundan so‘ng akademiya rahbari Rustam Xatamov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ochiq muloqotda yosh avlodning bugungi va ertangi taqdiri davlatimizning doimiy e’tiborida ekanligi ta’kidlandi. Yoshlar o‘rtasida sog‘lom ma’naviy muhitni qaror toptirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ezgu maqsadlar sari yo‘naltirish tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad ekanligi aytib o‘tildi.
Akademiya boshlig‘i mahallalarda xavfsiz muhit yaratish borasida keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani, bunda yoshlar bandligini ta’minlash, ular orasida profilaktik ishlarni kuchaytirish, jinoyatchilikning barvaqt oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotgani, tizimli ishlar natijasida hududlardagi muammolar ijobiy yechim topayotganini qayd etdi.
Muloqot davomida yoshlarning muammolari, taklif va istaklari tinglandi. Ularning kasb-hunar egallashi, oliy ta’lim muassasalarida o‘qishi, jamiyatning sog‘lom fikrli a’zosiga aylanishi uchun zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olindi. Akademiya boshlig‘i yoshlarni bilimli, vatanparvar va fidoyi bo‘lishga da’vat etib, ularga esdalik sovg‘alarini topshirdi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati