IIV akademiyasida ichki ishlar organlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash bo‘linmalari psixologlari uchun galdagi o‘quv yig‘ini tashkil etildi.
Soha mutaxassislari hamda ta’lim dargohining malakali professor-o‘qituvchilari tomonidan olib borilayotgan mashg‘ulotlar psixologlarning kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash, murakkab xizmat vaziyatlarida samarali psixologik yordam ko‘rsatish salohiyatini oshirishga qaratilgan.
O‘quv dasturidan “Xodimlar bilan psixologik konsultatsiyani tashkil etish, muammoning asosiy sabablarini aniqlash va maqbul psixologik yordam yo‘nalishini belgilash”, “Kasbiy stress va psixoemotsional zo‘riqishni kamaytirishning psixokorreksion texnologiyalari”, “Nosog‘lom xulq-atvor va zararli odatlarga moyil xodimlar bilan korreksion ishlash usullari”, “Psixoemotsional zo‘riqish va charchoq belgilarini aniqlash hamda tahlil qilish” kabi dolzarb mavzular o‘rin olgan.
Shu bilan birga, amaliy treninglarda murakkab xizmat sharoitida stressga barqarorlik va psixologik chidamlilikni rivojlantirish, xizmatga moslashishda qiynalayotgan xodimlar bilan individual ishlash, emotsional barqarorlik va o‘zini o‘zi boshqarish ko‘nikmalarini shakllantirish, shuningdek, muloqotga kirishishi qiyin, agressiv yoki psixologik qarshilik ko‘rsatuvchi xodimlar bilan professional muloqot o‘rnatish usullariga alohida e’tibor qaratiladi.
O‘quv kursi davomida ishtirokchilar akademiya kursantlari bilan guruhlarda ishlab, moslashuvchanlik, kommunikativ ko‘nikmalar va kasbiy kompetentlikni rivojlantirishga qaratilgan psixologik treninglar o‘tkazadilar. Bu esa o‘zlashtirilgan bilim va metodikalarni bevosita amaliy jarayonda sinab ko‘rish imkonini beradi.
Qayd etish lozimki, o‘quv yig‘ini 17-oktyabrga qadar davom etadi. Yakunda belgilangan sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan ishtirokchilarga sertifikatlar topshiriladi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati