Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Prezident tashabbusi: ta’lim sifati oshmoqda

1 May 2026, 22:19

68

IIV akademiyasida dual ta’lim tizimi imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi bilan birgalikda tashkil qilingan yig‘ilishda mas’ul rahbarlar, fakultet va kafedralar boshliqlari, murabbiylar hamda kursantlar qatnashdi.

Akademiya boshlig‘i Rustam Xatamov so‘z olib, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan dual tizimda o‘qitishning keng yo‘lga qo‘yilgani samarasida ichki ishlar organlari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonlari ilg‘or yondashuvlar asosida amalga oshirilayotganini alohida ta’kidladi. Poytaxt tumanlarida tashkil etilayotgan amaliyot jarayonlari kursantlarning nazariy bilimini amaliy ko‘nikmalar bilan mustahkamlash, kasbiy moslashishini ta’minlash, yoshlarda tayanch kompetensiyalarni shakllantirishda muhim bosqich bo‘layotganini qayd etdi.

Shuningdek yig‘ilishda Toshkent shahar IIBB boshlig‘i Ravshan Sultanxodjayev so‘zga chiqib, yangi tizimning afzalliklari, kursantlar erishayotgan natijalarga to‘xtaldi. Tizimda yetuk salohiyatli yosh kadrlarga ehtiyoj yuqoriligini, dual ta’limni samarali tashkil etish sohaning faoliyat samaradorligini oshirish bilan birga, istiqboli kadrlar zaxirasini shakllantirishga xizmat qilishini aytib o‘tdi.

Yig‘ilishda nazariya va amaliyot uyg‘unligini kuchaytirish, ta’lim sifatini oshirish, amaliy mashg‘ulotlarni samarali tashkil etish, yoshlar bilan individual ishlash borasida tegishli vazifalar belgilab olindi. Amaliyot davrida yuqori natijalarga erishayotgan murabbiylar va kursantlar rag‘batlantirildi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech