Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Prezident qarori amalda: barchasi yo‘llarda inson xavfsizligini ta’minlash uchun

11 Mart 2023, 02:03

1211

Davlatimiz rahbari raisligida o‘tgan yilning 11-fevral kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yo‘llarda inson xavfsizligini ta’minlash masalasi tanqidiy muhokama qilinib, avtomaktablarda ta’lim sifatini nazorat qilish, haydovchilikka o‘qitish samaradorligi va o‘qituvchilarning malakasini oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan edi.

Bu boradagi ishlarni jadallashtirish maqsadida Prezidentimizning “Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” (2022-yil 4-aprel) hamda Vazirlar Mahkamasining “Avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish hamda ularni imtihondan o‘tkazish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari (2022-yil 20-iyul) qabul qilindi. Avtomaktablarning innovatsion pedagogik texnologiyalarga asoslangan o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, o‘qituvchi va haydovchi-yo‘riqchilarni shartnoma asosida qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish Ichki ishlar vazirligi akademiyasi tomonidan amalga oshirilishi nazarda tutildi.

Mazkur ustuvor vazifalardan kelib chiqib, ta’lim muassasasida Avtomaktablar xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi tashkil etildi. Aytish joizki, markaz faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida o‘tgan davr mobaynida bir qator ishlar amalga oshirildi. Tegishli vazirlik, idora va muassasalar vakillaridan iborat ishchi guruh tuzilib, avtomaktablarning o‘quv metodologiyasi, qayta tayyorlash va malaka oshirish dasturlari milliy hamda xorijiy tajribaning ilg‘or jihatlari asosida yangidan ishlab chiqildi. Tinglovchilarning o‘zlashtirish muddati o‘quv rejasiga kiritilgan fanlar soni hamda yuklamalar hajmidan kelib chiqib taqsimlandi: bunda o‘qituvchi va haydovchi-yo‘riqchilarni qayta tayyorlash uchun 72, haydovchi-yo‘riqchilarning malakasini oshirish uchun 90 hamda o‘qituvchilarning malakasini oshirish uchun 144 soat etib belgilandi.

Joriy yilning 6-mart kuni Akademiya bazasida poytaxtimiz va Toshkent viloyati mintaqasidagi avtomaktablarning 214 nafar o‘qituvchi hamda haydovchi-yo‘riqchi ishtirokida dastlabki o‘quv kursi tashkil qilindi. Mashg‘ulotlar ikkita o‘quv moduli doirasida “Ta’lim va yo‘l harakati xavfsizligi sohasidagi qonunchilik. Huquqiy javobgarlik”, “Pedagogik psixologiya, etika va madaniyat”, “Innovatsion ta’lim texnologiyalari”, “Avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish metodikasi”, “Pedagogik faoliyatda axborot-kommunikatsion texnologiyalar”, “Yo‘l harakati qoidalari”, “Avtotransport vositalarini xavfsiz boshqarish va harakat xavfsizligi asoslari”, “Yo‘l-transport hodisalarining tahlili, kelib chiqish sabablari va profilaktikasi”, “Haydovchi madaniyati” fanlaridan olib borilmoqda.

O‘quv jarayonini samarali yondashuvlar asosida amalga oshirish maqsadida mashg‘ulotlarga IIV Akademiyasi professor-o‘qituvchilari, shuningdek Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va boshqa yetakchi muassasalardan mahoratli ilmiy-pedagoglar jalb qilingan. Ikki haftalik mashg‘ulotlar davomida tinglovchilardan test shaklida oraliq va yakuniy nazorat imtihonlarini qabul qilinadi hamda o‘quv kursini muvaffaqiyatli tamomlaganlarga diplom beriladi.

Muxtasar qilib aytganda, yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash sohasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Markaz faoliyatidan ko‘zlangan maqsad ham tizimdagi islohotlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish va eng muhimi, inson hayoti va sog‘lig‘ini har qanday hodisalardan kafolatli himoya qilishdir.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

 

 

 

 

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech