Ichki ishlar vazirligi akademiyasida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 35 yilligi munosabati bilan ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tilshunos olimlar, tadqiqotchilar, turdosh oliy ta’lim muassasalari vakillari, O‘zbek tili va xorijiy tillar kafedrasi professor-o‘qituvchilari va kursantlar ishtirok etgan anjumanda ona tilimizning tarixi, rivojlanishi hamda bugungi kundagi ahamiyati xususda atroflicha fikr almashildi.
Tadbirda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi obro‘yi va nufuzini yuksaltirish, mamlakatimizda davlat tilida ish yuritishni yanada takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ezgu ishlar e’tirof etildi. “Ona tili – umummillat mulki”, “Milliy o‘zlik va g‘urur timsoli”, “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!”, “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi mavqeini oshirish – taraqqiyotimiz omili” mavzuidagi ma’ruzalar tinglandi. Til va tilshunoslik masalalarida erishilayotgan yutuqlar, kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
– Millat ma’naviyatida ona tilining o‘rni bor. Shu bois, o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyat ekanligini har birimiz, ayniqsa yosh avlod bilishi kerak, – deydi O‘zbek tili va xorijiy tillar kafedrasi boshlig‘i Anvar Kurganov.
Anjuman doirasida yuridik atamalarning imlo va izohli lug‘atlari taqdimoti ham o‘tkazildi. So‘zga chiqqanlar yangi nashrlar ixtisoslashgan oliy o‘quv muassasalarida ta’lim olayotgan yoshlar uchun foydali qo‘llanma bo‘lib xizmat qilishini ta’kidlab o‘tdilar.
IIV akademiyasi Axborot xizmati