10–15-noyabr kunlari IIV akademiyasida ichki ishlar organlari tizimidagi tegishli rahbarlar uchun qisqa muddatli o‘quv yig‘ini tashkil qilindi.
Mashg‘ulotlarga hududlardan Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati hamda Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi boshliqlari, shuningdek Tergov boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosarlari jalb etildi.
Tinglovchilar ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar va faoliyatga doir normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati, tizim samaradorligini yanada oshirishning ustuvor yo‘nalishlari, bu boradagi dolzarb vazifa va talablar, shuningdek jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyatlarni tergov qilish, ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ishlash faoliyatini takomillashtirish, amaliyotga tatbiq qilingan yondashuvlar asosida natijadorlikni oshirish yuzasidan bilim va ko‘nikmalarini oshirdilar. Bundan tashqari, joylardagi sayyor mashg‘ulotlar davomida tizimdagi yangiliklar bilan tanishib, o‘zaro tajriba almashdilar.
Ichki ishlar vazirligi vakillari va akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan o‘tkazilgan mashg‘ulotlar yakunida tinglovchilardan sinov imtihonlari qabul qilindi. Shuningdek o‘quv yig‘ini ishtirokchilari ta’lim muassasasi faoliyati bilan tanishdilar.
IIV akademiyasi Axborot xizmati