Yoshlar kuni munosabati bilan IIV O‘quv-dala markazida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tashkil qilindi.
Unda Respublika Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Umida Abdullaeva, Toshkent viloyati IIBB boshlig‘ining 1-mintaqaviy hudud bo‘yicha vakili – markaz boshlig‘i Shahnoza Sodiqova, akademiya 1-o‘quv kursining kursant qizlari va saf qismi ofitserlari ishtirok etdi.
Tadbirda jonajon Vatanimizning 35 yillik mustaqil taraqqiyot yo‘li, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida ro‘y bergan o‘zgarishlar, ayniqsa keyingi yillarda muhtaram Prezidentimiz rahbarligida inson qadri ulug‘langan Yangi O‘zbekiston qiyofasini shakllantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan tub islohotlar haqida so‘z bordi.
Yangilanishlarga hamohang ravishda ichki ishlar organlari ham halqchil tuzilmaga aylanib borayotgani, aholi bilan manzilli ishlash, ularning muammolarini o‘z vaqtida hal etish, mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirishga qaratilgan samarali tizimning yo‘lga qo‘yilgani yurtdoshlarimizning turmush farovonligi va osoyishta hayotini ta’minlashga xizmat qilayotgani e’tirof etildi.
Shuningdek so‘zga chiqqanlar xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, gender tenglikni ta’minlash masalalariga ham alohida to‘xtalib o‘tishdi. Mazkur yo‘nalishdagi islohotlar barcha sohalarda o‘zining amaliy samarasini ko‘rsatayotgani, keyingi yillarda ichki ishlar organlarining turli bo‘g‘inlarida ayol xodimlar safi sezilarli darajada oshgani, ular orasida rahbarlik mas’uliyatini munosib uddalab kelayotgan fidoyi va jonkuyar ayollar ko‘pligi alohida ta’kidlandi.
Samimiy muloqot ruhida o‘tgan tadbirda yoshlarning ta’lim, olishi, orzuidagi kasbni egallashi, o‘z iqtidor va salohiyatini ro‘yobga chiqarishi, kelajakda jamiyatning munosib a’zosi bo‘lishi uchun yaratib berilayotgan ulkan imkoniyatlar e’tirof etildi. Kursant qizlarga hayotda muvaffaqiyatga erishish yo‘llari haqida tavsiya va maslahatlar berildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati