IIV akademiyasi vakillari “Oilaviy zo‘ravonliklarning oldini olish va ularga qarshi kurashishda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning roli” mavzuiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada qatnashdi.
Qirg‘izistonning Bishkek shahri mezbonlik qilgan anjumanda nufuzli xalqaro tashkilotlar, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, o‘ndan ziyod ixtisoslashgan ta’lim muassasalari vakillari, soha mutaxassislari va olimlar qatnashdi.
Yalpi majlis va sessiyalar tarzida o‘tgan konferensiyada oilalarda sodir etilayotgan tazyiq va zo‘ravonliklar, jahon hamjamiyatining ushbu muammoga qaratayotgan e’tibori, maishiy huquqbuzarliklarga qarshi kurashishda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarning roli, bu borada huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish, bolalar va xotin-qizlarga nisbatan sodir etilayotgan tazyiq hamda zo‘ravonliklarga barham berish masalalari muhokama qilindi.
So‘zga chiqqanlar xalqaro va davlatlarning milliy qonunchiligini tahlil qilib, sohaning huquqiy asoslarini takomillashtirish, ilg‘or tajribalarni amaliyotga joriy qilish, global muammoga qarshi sa’y-harakatlarni birlashtirish yuzasidan ilmiy-amaliy taklif hamda tavsiyalarini bildirdi.
Shu kunning o‘zida MDHga a’zo davlatlar Ichki ishlar vazirligi ta’lim tashkilotlari politsiya rahbar kadrlarini tayyorlash assotsiatsiyasining yig‘ilishi ham bo‘lib o‘tdi. Tashkilotga a’zo muassasalar rahbarlari ishtirok etgan yig‘ilishda ichki ishlar organlari uchun kadrlar tayyorlashning zamonaviy tendensiyalari yuzasidan fikr almashildi.
Yig‘ilishda Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikistonning turdosh oliy ta’lim muassasalari vakillari so‘zga chiqdi. Ta’lim jarayonida qo‘llanilayotgan innovatsion yondashuvlar, kadrlar tayyorlashning hozirgi talablari, bu borada faol hamkorlik va tajriba almashinuvini kengaytirish, qo‘shma dasturlarni amaliyotga tatbiq qilish, sohani raqamli texnologiyalar imkoniyatlari asosida rivojlantirish masalalari muhokama qilingan yig‘ilish yakunida muhim qarorlar qabul qilindi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati