Zamonaviy ta’limda dual tizim asosida o‘qitishning afzallik jihatlari ortib bormoqda. Bunday yondashuv yoshlarni kasbga yo‘naltirish, amaliyot uchun malakali kadrlar tayyorlashda yuqori samara bermoqda.
Joriy o‘quv yilidan boshlab IIV akademiyasida ham dual ta’lim tizimi keng tatbiq qilindi. Hozirda kunduzgi ta’lim kursantlari nazariy bilimlar bilan birga, ichki ishlar organlarida zarur amaliy ko‘nikmalarni egallab kelishmoqda. Bunda har bir kursantga tajribali murabbiy biriktirilgani va ularning xodim yordamchisi sifatida amaliyot o‘tayotgani ta’lim samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
O‘quv dargohi boshlig‘i Rustam Xatamov yangi tizim imkoniyatlari bilan tanishish maqsadida Mirobod tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasida bo‘ldi. Mas’ullar bilan muloqot jarayonida dual ta’limning o‘ziga xos xususiyatlari, kursantlar uchun yaratilgan sharoitlar, ularning kundalik faoliyatini samarali tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
“Dual tizimda kadrlar tayyorlash masalasiga Prezidentimiz tomonidan alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu paytgacha kursantlarimiz bazaviy amaliyot mashg‘ulotlari orqali zarur ko‘nikmalarni egallab kelayotgan edi. Bu yildan yangi tizimni keng joriy qilib, nazariya va amaliyot uyg‘unligi imkoniyatlarini yanada kengaytirdik”, – dedi akademiya boshlig‘i.
Muloqot chog‘ida amaliyot murabbiylariga tavsiyalar berildi. Bugun ta’lim olayotgan yoshlar ertangi tayyor mutaxassis ekanligi, har bir xodim ustoz-shogirdlik asosida o‘zining boy tajribasini kursantlarga o‘rgatib borishi, yoshlar taqdiriga mas’uliyat va javobgarlik hissi bilan yondashishi lozimligi ta’kidlandi.
Shundan so‘ng akademiya boshlig‘i “Oltinko‘l” mahallasiga borib, “mahalla yettiligi” faoliyatini o‘rgandi. Fuqarolar yig‘ini vakillari bilan suhbatlashib, aholi bilan manzilli ishlash, ularning bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
“Yurtimizdagi har bir mahalla islohotlar markaziga aylanib bormoqda. Sizlarning hamjihatlikdagi faoliyatingiz natijasini, avvalo, shu yerdagi yurtdoshlarimiz sezishi kerak. Obodlik hukm surgan, jinoyat sodir bo‘lmagan mahallada odamlar osuda turmush kechiradi. Shu bois, mahallaning kriminogen vaziyatini yaxshilash hamisha ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi”, – dedi akademiya boshlig‘i.
IIV akademiyasi Axborot xizmati