Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlarida “mahalla yettiligi” tizimi vakillari uchun sayyor mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Mashg‘ulotlarga 2024-yil yakunlari bo‘yicha “yashil” toifaga kiritilgan 174 ta mahalladan “yettilik tizimi” vakillari, shu jumladan, mahalla raislari, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, xotin-qizlar faollari, profilaktika inspektorlari, ijtimoiy xodimlar hamda soliq inspektorlari jalb qilindi.
IIV akademiyasi professor-o‘qituvchilari tomonidan davlatimiz rahbarining “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”, shuningdek Vazirlar Mahkamasining “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida mahallalarda ijtimoiy profilaktika tizimi samaradorligini oshirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirildi.
Interfaol tarzda o‘tgan mashg‘ulotlar davomida soha xodimlari “mahalla yettiligi” ishini samarali tashkil qilish, hududlarda jinoyatchilikni jilovlash, kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillarni aniqlash va bartaraf etish, ijtimoiy profilaktika tadbirlarini samarali tashkil etish yuzasidan zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati