IIV akademiyasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarga qarshi kurashishga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
Tezkor-qidiruv departamenti bilan hamkorlikda tashkil qilingan tadbirda mas’ul xodimlar, ixtisoslik kafedralaridan professor-o‘qituvchilar, kunduzgi ta’lim kursantlari va boshqalar qatnashdi.
Davra suhbatida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli chora-tadbirlar haqida ma’lumot berildi. Bugungi kunda ushbu illatlar bilan bog‘liq yangi xatarlarning paydo bo‘layotganini inobatga olib, tezkor qidiruv va profilaktik tadbirlarni samarali tashkil etish masalalariga e’tibor qaratildi.
Soha vakillari narkojinoyatlarga qarshi kurashishda erishilayotgan natijalarga to‘xtalib, internetdagi narkodo‘konlarni aniqlash, ular faoliyatiga chek qo‘yish, xavf guruhiga kiruvchi shaxslar bilan ishlash va boshqa yo‘nalishlarda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar haqida kursantlarga amaliy ko‘nikmalarini ulashdilar.
Tadbir davomida narkojinoyatlar uchun belgilangan javobgarlik masalalari, amaldagi qonunchilikka kiritilgan yangiliklar, ularning mazmun-mohiyati haqida tushuncha berilib, yoshlarning huquqiy bilimi mustahkamlandi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati