Ichki ishlar vazirligi hamda akademiya vakillari politsiya tizimidagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish maqsadida Shvesiyaning Stokgolm shahrida bo‘ldi.
Xorij safari davomida mahalliy mutaxassislar tomonidan soxta hujjatlarni aniqlash va u bilan bog‘liq jinoyatlarni fosh etish yo‘nalishida o‘quv kursi tashkil etildi.
Mashg‘ulotlar jarayonida shaxsni tasdiqlovchi hujjat (pasport, ID-karta va boshqa)larning asosiy himoya elementlari, ularni tekshirish, zamonaviy kriminalistik yondashuvlarni qo‘llagan holda qalbakiligini aniqlash, zarur xavfsizlik choralarini ko‘rish, bu borada Shvesiya politsiya tizimiga joriy qilingan yondashuvlar o‘rganildi.
Shuningdek vakillarimiz himoyalangan hujjatlarni tayyorlash texnologiyalari, bosma va raqamli personalizatsiya usullari, elektron chip, gologramma, mikromatn, ultrabinafsha va infraqizil himoya belgilari hamda boshqa identifikatsion elementlarning o‘ziga xos jihatlari haqida zarur bilimlarga ega bo‘ldilar.
Amaliy mashg‘ulotlarda hujjatlarni xalqaro ma’lumotlar bazalari va etalon namunalar asosida tekshirish, boshqa shaxsga tegishli haqiqiy hujjatdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash, hujjatdagi fotosurat va identifikatsion belgilarni undan foydalanayotgan shaxsning tashqi qiyofasi bilan qiyoslash, hujjatlarni soxtalashtirish alomatlarini fosh etish bo‘yicha ko‘nikmalar mustahkamlandi.
Besh kunlik o‘quv kursi yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati