Ta’limni zamonaviy talab va yondashuvlar asosida tashkil etish malakali kadrlar tayyorlashning hal qiluvchi omili sanaladi.
IIV Akademiyasining Sirtqi ta’lim fakultetida o‘quv jarayonlari yildan-yilga takomillashib bormoqda. Ayniqsa, mashg‘ulotlarning interfaol yondashuvlar asosida olib borilayotgani ta’lim oluvchilarga qulayliklar yaratmoqda.
Jumladan, joriy o‘quv yilidan boshlab mashg‘ulotlar akademiya bazasida tashkil etilmoqda. Yangi mexanizmga ko‘ra, har bir semestrning dastlabki uch haftasida nazariy mashg‘ulotlar o‘tiladi. Oraliq vaqt mobaynida tinglovchilarning mustaqil o‘zlashtirishi uchun muddat beriladi. Semestr yakunida esa ular imtihon topshiradilar.
Bu o‘rinda “Moodle” elektron ta’lim platformasining joriy qilinganini ham alohida ta’kidlash joiz. Mutaxassislarning aytishicha, tizim orqali tinglovchilar bilan interaktiv muloqot o‘rnatish, ularni zarur o‘quv materiallari bilan ta’minlash, o‘quv jarayonidagi yangiliklar bilan tanishtirib borish, mustaqil tayyorgarlik jarayonlarini nazorat qilish mumkin.
Ayni kunlarda fakultetning 1-o‘quv kursida yakuniy nazorat imtihonlari bo‘lib o‘tmoqda. Tinglovchilar jinoyat huquqi, huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati, ma’muriy huquq, ichki ishlar organlarining ma’muriy faoliyati, davlat va huquq nazariyasi fanlaridan test sinovlari, xorijiy tillar bo‘yicha og‘zaki shaklda imtihon topshiryaptilar.
Bir so‘z bilan aytganda, ta’limdagi yangiliklar nafaqat samaradorlikni oshirishga, balki har bir jarayonning ochiq va shaffof o‘tishiga ham xizmat qilmoqda.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati