ShHTning O‘zbekistondagi Xalq diplomatiyasi markazi tomonidan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida o‘tkazilgan tadbirda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda turli diniy konfessiya vakillari, IIV Akademiyasi professor-o‘qituvchilari, olim va tadqiqotchilar ishtirok etdi.
“Bag‘rikenglik haftaligi” doirasida bo‘lib o‘tgan tadbirda jahon bo‘ylab murakkab globallashuv jarayoni kechayotgan sharoitda diniy va millatlararo bag‘rikenglikni ta’minlash barqarorlikning muhim omili ekanligi ta’kidlandi. So‘z olganlar yurtimizdagi turli millat va elatlar o‘rtasida o‘zaro do‘stlik muhitini shakllantirish, millatlararo totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlash borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirib kelinayotganini e’tirof etishdi.
– Yurtimiz zaminida yashagan xalqlar asrlar mobaynida yagona oiladek ahil-inoq bo‘lgan, – deydi IIV Akademiyasi katta o‘qituvchisi, podpolkovnik Miyonfarrux Saidov. – O‘zbekiston mustaqilikka erishgandan so‘ng bag‘rikenglik va insonparvarlik madaniyatini rivojlantirish, jamiyatdagi barcha fuqarolarga millati va diniy e’tiqodidan qat’i nazar, teng huquq va imkoniyatlar yaratish, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi. Bosh Qomusimizda ham yurtimiz fuqarolarining teng huquq va burchlarga egaligi mustahkamlab qo‘yildi.
Tadbirda “Konfessiyalararo munosabatlarda ziddiyatlarni bartaraf etish hamda bag‘rikenglikni ta’minlashda fanning o‘rni va imkoniyatlari”, “Ajdodlarimiz ilmiy-ma’naviy merosida bag‘rikenglik g‘oyalari”, “Xalq diplomatiyasining diniy bag‘rikenglik tamoyillariga amal qilishdagi o‘rni”, “Diniy fundamentalizm va ekstremizm g‘oyalari tarqalishining oldini olishga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlar” kabi mavzularda ma’ruzalar o‘qildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati