Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Mehribonlik uyida uchrashuv tashkil qilindi

2 Aprel 2026, 22:15

41

Yoshlar kuni munosabati bilan IIV akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi 22-sonli mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan uchrashdi.

Samimiy muloqot yosh avlod vakillarining muammolarini tinglash, intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida tashkil qilindi.

Uchrashuvda akademiya boshlig‘i so‘z olib, yoshlarga oid davlat siyosatining ustuvor jihatlariga to‘xtaldi. Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar birinchi navbatda yoshlar manfaatiga qaratilganini alohida ta’kidladi.

Bugun Yangi O‘zbekiston yoshlari mamlakatimiz taraqqiyotining muhim davrida yashayotgani, ularning o‘qishi, o‘zi xohlagan kasblarni egallashi, xorijiy tillar, kompyuter texnologiyalari, innovatsion yutuqlarni mukammal o‘rganishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgani, har bir yosh davlatimizning yuksak e’tiborini munosib rag‘bat, mustahkam tayanch, motivatsion kuch deb bilishi lozimligi aytib o‘tildi.

Akademiya boshlig‘i yoshlar ongini zaharlash, hayotini izdan chiqarishga qaratilgan tahdid va xatarlarga ham to‘xtaldi. Ularni ma’naviy xurujlar, internet orqali kirib kelayotgan yot g‘oyalar, giyohvandlik va boshqa illatlardan ogoh bo‘lishga chaqirdi.   

Uchrashuvda maskan tarbiyalanuvchilari kelajak orzu-maqsadlari bilan o‘rtoqlashdi. Ayniqsa akademiyada ta’lim olish, ichki ishlar organlari tizimida xizmat qilish uchun qanday bilim va fazilatlarga ega bo‘lish kerakligi ularni qiziqtirdi. O‘quv dargohi faoliyatiga bag‘ishlangan videorolik va “Hayot akademiyasi” filmining namoyishi ular uchun ayni muddao bo‘ldi. Bundan ruhlangan yoshlar kelgusida ushbu dargohda o‘qish va sharafli kasb egasi bo‘lish istagini birdirdi.    

Shu kuni mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga esdalik savg‘alari ulashildi. Akademiya boshlig‘i maskanda yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan tanishib, ezgulik va poklik ramzi sifatida hududga daraxt ko‘chatlari ekdi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech