Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Maqsad – hisobot uchun ishlash emas, aksincha mavjud ahvolni yaxshilash

27 Yanvar 2022, 02:01

1446

Ichki ishlar vazirligi akademiyasi vakillari Qo‘qon shahridagi “Sunbula” mahallasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha manzilli ishlarni amalga oshirdi.

Ishchi guruhi tomonidan mahalla hududida qayd etilgan jinoyatlar ilmiy-amaliy yondashuvlar asosida tahlil qilindi. Mahalla faollari, profilaktika inspektorlari ishtirokida joylarga chiqilib, sodir etilgan har bir jinoyatga imkon berayotgan sabab hamda shart-sharoitlar muhokama qilindi. Chunonchi, 2021-yil davomida mahallada o‘g‘rilik, tan jarohati yetkazish, talonchilik, bezorilik kabi jinoyatlar oshgani ma’lum bo‘ldi. Ularning aksariyati yirik savdo majmualari, aholi gavjum joylar va qo‘riqlovga olinmagan hududlarda sodir etilgan.

– Keyingi yillarda fuqarolar bilan ishlashning bir qator samarali mexanizmlari hayotga tatbiq etildi, – deydi ishchi guruhi a’zosi, podpolkovnik A. Xudoyberdiyev. – Muammolar “mahallabay”, “xonadonbay” va “fuqarobay” yondashuvlar asosida o‘z joyida hal qilinmoqda. “Sunbula” mahallasi faollari bilan uchrashuvlar chog‘ida kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillar aniqlanib, ularning oldini olish bo‘yicha metodik yordam ko‘rsatildi.  

Darhaqiqat, inson qadri ulug‘langan yurtimizda xalq bilan samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Bu esa odamlarning dardiga quloq solish, ularni o‘ylantirayotgan muammolarni o‘z vaqtida hal etish, “raqamlar ketidan quvish” kabi eskicha yondashuvlardan voz kechib, ishni manzilli tashkil etish degani. Qo‘qon shahar hokimligi, sektorlar, ichki ishlar organlari mutasaddilari, hududiy profilaktika inspektorlari va mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda ayni shu masala e’tibor markazida bo‘ldi.

Ochiq va tahliliy ruhda o‘tgan uchrashuvda “sariq” va “qizil” hududdagi mahallalarda profilaktik ishlarni kuchaytirish, jinoyatchilikning har qanday ko‘rinishiga barham berish, bu borada “ilmiy diagnoz” asosida yaratilgan metodikani amaliyotda samarali tatbiq etish, aholi orasida huquqiy-targ‘ibot tadbirlari maqsadli olib borish orqali huquqbuzarlik va jinoyatlarning barvaqt oldini olish, “fuqarobay” tizimning ta’sirchanligini oshirish va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish kabi dolzarb masalalar yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.

 

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech