Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Markaziy Osiyo – farovonlik va taraqqiyot makoni

3 Fevral 2026, 19:37

75

Bugun xalqaro maydonda “Markaziy Osiyo ruhi” degan iborat tez-tez yangramoqda. Mintaqa davlatlarining o‘zaro ishonch va yaqin qo‘shnichilikka asoslangan munosabatlari yuksak darajada e’tirof etilmoqda.

IIV akademiyasining Xorijiy kadrlar bilan ishlash fakultetida siyosiy tahlilchi Ravshan Hakimov bilan o‘tkazilgan davra suhbatida mintaqaviy integratsiya jarayonlari, “Yangi Markaziy Osiyo” konsepsiyasining mazmun-mohiyati haqida so‘z bordi.

Huquqshunos olim mintaqa xalqlari o‘rtasidagi tarixiy yaqinlik, davlatlararo munosabatlarning shakllanishi, keyingi yillarda ko‘p qirrali aloqalarni jadal rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilgan sa’y-harakatlar, ayniqsa Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar va ularning mohiyati haqida mulohaza yuritdi.

Ta’kidlab o‘tilganidek, tarixiy rishtalarning qayta tiklanishi, ochiq va konstruktiv muloqotning yo‘lga qo‘yilgani natijasida Markaziy Osiyo davlatlari munosabatida yangi davr boshlandi. Ko‘plab mintaqaviy muammolar ijobiy hal etildi. Mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona aloqalar mustahkamlanib, strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlik jadal rivojlandi. Buning natijasida mintaqa “muammolar hududi”dan “imkoniyatlar makoni”ga aylandi, Markaziy Osiyoga nisbatan munosabat keskin ijobiy tomonga o‘zgardi.

Tadbirda dunyodagi geosiyosiy jarayonlar, davlatlararo ziddiyatlar, yuzaga kelayotgan turli tahdid va xatarlar ham tahlil qilindi. Hozirgi murakkab sharoitda o‘zaro hamjihatlik, mintaqaviy farovonlik, xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash omillari aytib o‘tildi. Muloqot davomida akademiyada ta’lim olayotgan tojikistonlik va qirg‘izistonlik kursantlar o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob olishdi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech