IIV akademiyasida ta’lim olayotgan magistratura tinglovchilari Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Vaziyatlar markazi faoliyati bilan tanishdi.
Sayyor mashg‘ulotda markazning asosiy vazifalari, zamonaviy imkoniyatlari, bu yerda yo‘lga qo‘yilgan ilg‘or tajribalar taqdimot qilindi.
Mutaxassislarning aytishicha, markazda sun’iy intellekt asosida tahlil qilish, muammolarni tezkor aniqlash va hal etish bo‘yicha “Aqlli tuman” platformasi mavjud. U orqali ijtimoiy va kommunal muammolar monitoring qilinadi, aholi murojaatlari ijrosi nazoratga olinadi, favqulodda holatlarda tegishli xizmatlar faoliyati tezkor boshqariladi va muvofiqlashtiriladi.
Platforma tarkibidagi “Xavfsiz tuman” tizimi huquqbuzarliklarni monitoring qilish va jamoat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi. Tadbirkorlik subyektlarining raqamli xaritasi sun’iy intellekt tahlili asosida soliq tushumlarini prognoz qilish va ularning yig‘iluvchanligini ta’minlashga qaratilgan. “AI Davomat” tizimi esa maktablarda sababsiz dars qoldirish holatlarini bartaraf etish, voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlikning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mashg‘ulot davomida tinglovchilar markaz faoliyatiga bevosita guvoh bo‘lish bilan birga, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati