Ichki ishlar vazirligi akademiyasi magistraturasida boshqaruv kadrlari tayyorlashning zamonaviy yondashuvlari amaliyotga joriy qilingan.
Ayni kunlarda magistraturaning “tashkiliy-taktik boshqaruv” va “tashkiliy-strategik boshqaruv” mutaxassislik yo‘nalishlarida ta’lim olayotgan tinglovchilar uchun “ichki ishlar organlarining kadrlar bilan ishlash faoliyatini boshqarish” hamda “ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash faoliyatini tashkil etish” o‘quv modullaridan dastlabki imtihonlar bo‘lib o‘tmoqda.
Aytish joizki, o‘quv modullari doirasida tinglovchilar ma’naviy-ma’rifiy ishlar va qadrlar bilan ta’minlash faoliyatini tashkil etish, ichki ishlar organlari xodimlarning kasbiy madaniyati va xizmat intizomi, boshqaruvda axborot texnologiyalari va axborot xavfsizligi, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi, zamonaviy davlat boshqaruvi, jamoat tartibini saqlash faoliyatini boshqarish, huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatini boshqarish, ilmiy va amaliy tadqiqotlar metodologiyasi, boshqaruv sotsiologiyasi va psixologiyasi, ma’muriy javobgarlikni ta’minlash faoliyatini boshqarish fanlari ta’lim oldilar.
Bundan tashqari, Jazoni ijro etish departamenti 1-mintaqaviy hudud 13-sonli jazoni ijro etish koloniyasi, Jamoat xavfsizligi departamenti Muvofiqlashtirish va monitoring qilish markazi, Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti hamda Toshkent shahar IIBB Situatsion markazida sayyor mashg‘ulot tashkil qilindi.
Ichki ishlar vazirligi sohaviy xizmatlari rahbarlari, akademiya kafedra boshliqlari va tajribali professor-o‘qituvchilar ishtirokida o‘tkazilayotgan imtihon jarayonida har bir tinglovchining bilimi xolisona baholanib, fanlarni o‘zlashtirish ko‘rsatkichi monitoring qilinmoqda. Tahlil natijalari asosida ta’lim sifati va o‘qitish metodikasini takomillashtirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab olinmoqda.
O‘quv rejasiga ko‘ra, imtihonlar 19-oktyabrga qadar davom etadi, shundan so‘ng tinglovchilar amaliyotga jalb qilinadi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati