Davlatimiz rahbarining mahallalarda xavfsiz muhit yaratish to‘g‘risidagi qarori kriminogen omillarni barvaqt aniqlash va bartaraf etishda mustahkam zamin yaratmoqda.
Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent viloyatidagi “qizil” toifada bo‘lgan beshta mahalla IIV akademiyasiga biriktirilgan.
O‘tgan davr mobaynida professor-o‘qituvchilar va magistratura tinglovchilaridan iborat ishchi guruh tomonidan Qibray tumanidagi “Zebuniso”, Chirchiq shahridagi “Mirzo G‘olib”, “Nur”, “Yoshlik”, “Birlik” mahallalarida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Dastlabki bosqichda “mahalla yettiligi” xodimlari uchun o‘quv-seminarlar o‘tkazilib, yaxlit manzilli ishlash bo‘yicha ustuvor yo‘nalish va vazifalar yetkazildi. Tizimning faoliyat samaradorligini oshirish maqsadida “yettilik” vakillari zarur uslubiy materiallar bilan ta’minlandi.
O‘rganishlar davomida mahallalarning kriminogen vaziyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan har bir omil va jinoyatchilik ilmiy yondashuvlar asosida tahlil qilindi. Hududlarda xavfsiz muhitni shakllantirishga qaratilgan taklif-tavsiyalar ishlab chiqilib, “yo‘l xarita”larda aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Shunga ko‘ra, kriminogen xavfi yuqori joylarga tashvish tugmalari, turli xil zamonaviy kameralar, tungi chiroqlar o‘rnatilib, qo‘shimcha kuch va vositalar jamoat tartibini saqlashga yo‘naltirildi. Ko‘p qavatli uylar domofon bilan ta’minlandi. Ayrim obyektlar texnik qo‘riqlovga olinib, tegishli korxona, tashkilot va muassasalarga havfsizlik choralarini kuchaytirish borasida taqdimnomalar kiritildi.
Ma’lumki, aholi muammolarini hal qilish, har bir oila, shaxs bilan manzilli ishlash huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi. Uyma-uy o‘rganishlar jarayonida mahallalarda yashayotgan 60 dan ziyod ijtimoiy profilaktika obyektlari aniqlandi. Ular bilan tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun “mahalla yettiligi” vakillari biriktirildi.
Har bir mahallada targ‘ibotchi guruhlar tashkil qilinib, aholi bilan doimiy uchrashuvlar o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Fuqarolarning huquqiy madaniyatini shakllantirish, kriminogen vaziyatdan xabardorligini oshirish maqsadida profilaktika va targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.
Bundan tashqari, “yo‘l xarita”lar ijrosi doimiy monitoring qilinib, aniqlangan kamchiliklar mas’ul rahbarlar, mutasaddi tashkilotlar va “mahalla yettiligi” vakillari ishtirokida har bir mahalla kesimida muhokama qilib borildi.
Amalga oshirilgan keng qamrovli chora-tadbirlar samarasida mahallalardagi muhit sezilarli darajada yaxshilandi. “Mirzo G‘olib”, “Yoshlik”, “Birlik”, “Zebuniso” mahallalarida joriy yil boshidan bironta ham jinoyat qayd etilmagan bo‘lsa, “Nur” mahallasi “qizil”dan “sariq” toifaga o‘tdi.
Hozirda hududlarga ilg‘or yondashuv va amaliyotlarni joriy qilish, har bir mahallaning o‘z tajribasini yo‘lga qo‘yish, aholi uchun barqaror xavfsiz muhit yaratishga qaratilgan ilmiy-amaliy ishlar hamjihatlikda davom ettirilmoqda.
IIV akademiyasi Axborot xizmati