Ichki ishlar vazirligi akademiyasida tizim tasarrufidagi ta’lim muassasalari pedagog kadrlari uchun malaka oshirish kurslari tashkil qilindi.
Ma’lumki, bu boradagi vazifalar davlatimiz rahbarining “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yo‘naltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida nazarda tutilgan edi.
Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida respublika Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tartibi belgilandi. Shu bilan birga, akademiya qoshida innovatsion imkoniyatlarga ega yangi markaz faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Markaz tomonidan tashkil qilingan dastlabki o‘quv yig‘iniga IIV akademiyasi hamda Malaka oshirish instituti o‘qituvchilari jalb qilingan. Malaka oshirish kursi “Ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonini tashkil etishning normativ-huquqiy asoslari”, “Ilg‘or ta’lim texnologiyalari va pedagogik mahorat”, “Huquqshunoslik va kasbiy fanlarni o‘qitish metodikasi”, “Ilmiy-tadqiqot faoliyati va metodologiyasi” hamda “Amaliy xorijiy til” kabi 5 ta o‘quv moduli bo‘yicha olib borilmoqda. Mashg‘ulotlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining tajribali mutaxassislari tomonidan ilg‘or yondashuv asosida o‘tkazilmoqda.
Aytish joizki, 29-yanvardan 24-fevralga qadar davom etadigan malaka oshirish kursi yakunida o‘qituvchilardan test sinovi qabul qilinadi. Bundan tashqari, ular egallagan bilim va ko‘nikmalari aosida bitiruv malaka ishini himoya qiladilar.
IIV akademiyasi Axborot xizmati