Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Mahallalardagi muhit va kriminogen vaziyat o‘rganildi

16 May 2026, 15:30

93

Prezidentimizning “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi Navoiy viloyatida ham izchil ta’minlanmoqda.

Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov bu boradagi ishlarning amaliy natijasi bilan tanishish maqsadida 14-15-may kunlari Navoiy shahri va Qiziltepa, Navbahor, Karmana tumanlaridagi mahallalarda bo‘ldi.

Manzilli o‘rganishlarda davlatimiz rahbari qaroridan so‘ng amalga oshirilgan ishlar, joriy yilning 4 oyi davomida erishilgan natijalar, mahallalarning bugungi kundagi kriminogen holati, kelgusidagi dolzarb vazifalar mas’ul rahbarlar, “mahalla yettiligi” a’zolari hamda akademiya professor-o‘qituvchilari ishtirokida atroflicha muhokama qilindi.

Akademiya boshlig‘i mahallalarga borib, choraklik “yo‘l xatira”lar ijrosini o‘rgandi. Faollar bilan muloqot qilib, ularning taklif va mulohazalarini tingladi. Aholi uchun osoyishta va barqaror muhit yaratish, odamlarning turmush farovonligini oshirish, ijtimoiy-maishiy muammolarini hal qilish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida hududlarga joriy qilingan tajribalar bilan tanishdi.

Aytish joizki, akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan biriktirilgan mahallalarda tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, hududlarda so‘nggi yillarda qayd etilgan jinoyatlar va ularning omillari ilmiy yondashuvlar asosida tahlil qilib chiqildi. Kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rasatayotgan 50 ga yaqin “jinoyat o‘choqlari” va ovloq joylar aniqlandi.

“Ilmiy xulosa – tavsiya – natija” tamoyili asosida taklif va tavsiyalar ishlab chiqilib, “yo‘l xarita”larga kiritildi. Mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda mahallalarda 62 ta zamonaviy kamera, 9 ta “SOS” tashvish tugmasi o‘rnatilib, 9 ta “xavfsiz ko‘cha”, 8 ta “xavfsiz uy” tashkil qilindi. Ijtimoiy profilaktika doirasida huquqbuzarlik sodir etish yoki undan jabrlanish ehtimoli yuqori bo‘lgan shaxslar aniqlanib, “mahalla yettiligi” vakillariga yo‘naltirildi.

Bundan tashqari, aholi muammolarini o‘rganish va ijobiy hal etish maqsadida mehnat yarmarkalari, sayyor qabullar, ijtimoiy profilaktika haftaliklari tashkil etilib, ularni qiynayotgan masalalar alohida nazoratga olindi. Joylarda profilaktik va targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib, fuqarolar, ayniqsa yoshlar qatlami vakillarining huquqiy mas’uliyati oshirildi.

Yaxlit tizimda amalga oshirilgan ishlar natijasida o‘tgan oylar mobaynida 4 ta mahallada umuman jinoyat sodir etilmadi. Yana 3 ta mahalla “sariq”, 6 tasi “yashil” toifaga o‘tkazildi.

Uchrashuvlar chog‘ida akademiya boshlig‘i jinoyatchilik omillariga barham berish, ijtimoiy profilaktikani samarali tashkil etish, yoshlar va ayollar o‘rtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, aholining kriminogen vaziyatdan xabardorligini oshirish, kameralashtirish qamrovini kengaytirish zarurligini qayd etdi.

Shu bilan birga, ayrim mahallalarda qayd etilgan jinoyatlarning asl omillarini o‘rganish, aholining haqli e’tiroziga sabab bo‘layotgan muammolarni aniqlash, ularning har biri bo‘yicha manzilli chora-tadbirlarni ishlab chiqish, nizoli oilalardagi muhitni sog‘lomlashtirish, “mahalla yettiligi”ning faolligini oshirish, ayrim mahallalarda ijobiy natija berayotgan tajribalarni ommalashtirish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berildi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech