Bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar odamlarni rozi qilish, xalqimizning turmush farovonligini oshirishga qaratilgan.
Jamiyatdagi o‘zgarishlar har bir hudud, xonadonga kirib borishi uchun mahallalar jinoyatdan xoli bo‘lishi kerak. Davlatimiz rahbarining tegishli qarorlari asosida kriminogen vaziyati murakkab mahallalarda olib borilayotgan keng qamrovli ishlardan ko‘zlangan maqsad ham shu.
IIV akademiyasi boshlig‘i bu boradagi ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Chirchiq shahridagi “Iqbol” va “Kimyogar” mahallalariga bordi. Hududlarga biriktirilgan mas’ullar, “mahalla yettiligi” vakillari va faollar bilan muloqot qilib, amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rgandi.
Uchrashuvlar chog‘ida mahallalardagi kriminogen vaziyat, sodir etilgan jinoyatlar, ularning sabab va sharoitlari, “mahalla yettiligi” faoliyatidagi kamchiliklar aniq raqamlar misolida muhokama qilindi. “Jinoyat o‘choq”larini aniqlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, ijtimoiy profilaktikani kuchaytirish, aholining osoyishta hayotiga xavf solayotgan omillarga barham berish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Akademiya boshlig‘i mahalla islohotlarni amalga oshiruvchi eng muhim bo‘g‘in ekanini ta’kidlab, jinoyatchilikni jilovlash, yechimini kutayotgan masalalarni hal etish, xalqimizning og‘irini yengil qilishda “yettilik” tizimi vakillari hamjihatlikda ishlab, natijadorlikni oshirishi kerakligini ta’kidladi.
“Biz har bir mahallaga katta ilmiy-amaliy tajribaga ega professor-o‘qituvchilarni biriktirganmiz. Ular jinoyatning asl omillarini o‘rganib, zarur tavsiyalar ishlab chiqishmoqda. Shu tizim asosida ishlasak, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga erishamiz”, – dedi o‘quv dargohi rahbari.
Mahallalarni o‘rganish jarayonida xonadonlar, savdo majmualari, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, korxona va tashkilotlarni texnik qo‘riqlovga olish, kuzatuv kameralari va huquqbuzarlikdan ogohlantiruvchi tugmalar bilan ta’minlashni jadallashtirish, hududlarga qo‘shimcha kuch hamda vositalarni jalb qilish yuzasidan vazifalar belgilab olindi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati