Prezidentimizning mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishga qaratilgan qarori “inson qadri uchun” degan tamoyil asosida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning amaliy natijadorligiga xizmat qilmoqda.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida bo‘lib, “Yoshlik”, “Birlik”, “Nur” va “Mirzo G‘olib” mahallalarining kriminogen vaziyati bilan tanishdi.
Ma’lumki, mazkur mahallalar so‘nggi uch yildan buyon “qizil” toifada qolayotgan edi. Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida akademiya professor-o‘qituvchilaridan iborat ishchi guruhlar tomonidan mahallalarda keng qamrovli ishlar amalga oshirildi.
Joylarga chiqqan holda jinoyatchilik omillari ilmiy-amaliy yondashuvlar asosida o‘rganilib, ularni bartaraf etishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. Manzilli “yo‘l xarita”lar shakllantirilib, ijroga qaratildi.
Mahallalarda 80 ta tashvish tugmasi, 10 dan ortiq zamonaviy kamera va boshqa vositalar o‘rnatildi. “Jinoyat o‘choqlari”, jamoat joylari va huquqbuzarlik sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan hududlarda qo‘shimcha patrullik yo‘nalishlari tashkil qilinib, 30 dan ortiq obyekt texnik qo‘riqlovga olindi.
Xonadonlarni manzilli o‘rganish davomida ijtimoiy-maishiy muammosi bor shaxslar aniqlanib, “mahalla yettiligi”ga biriktirildi. Shu kabi tizimli ishlar samarasida “Yoshlik” va “Mirzo G‘olib” mahallalarida joriy yilning o‘tgan 4 oyi mobaynida birorta ham jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagan bo‘lsa, “Nur”, “Birlik” mahallalari “sariq” toifaga o‘tkazildi.
Akademiya boshlig‘i mahallalarni o‘rganish jarayonida faollar bilan muloqot qildi. Kriminogen vaziyatga eng ko‘p salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillar, oilalardagi muhit, aholini qiynayotgan ijtimoiy muammolar, “mahalla yettiligi”ning faoliyati, ijtimoiy profilaktika va boshqa yo‘nalishda amalga oshirilayotgan tadbirlar yuzasidan fikr almashdi.
– Inson manfaatlarini ta’minlash faoliyatimizning asosiy mezoni sanaladi. Buning uchun, avvalo, odamlar bilan doimiy muloqot qilishimiz, ularning hayotiy muammosi va dardu tashvishini his qilishimiz kerak. Muhtaram Prezidentimiz belgilab bergan ustuvor vazifalar, yaxlit tizim asosida ishlashning bosh maqsadi ham shu – mahallalarda chinakam xavfsiz muhitni yaratish orqali aholi roziligiga erishishdir, – dedi akademiya boshlig‘i.
Uchrashuvlar chog‘ida profilaktika ishlarini yanada kuchaytirish, mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, yechimini kutayotgan masalalarni joyida ijobiy hal etish, yoshlar va ayollar muammolariga manzilli yondashish, nizoli oilalarda sog‘lom muhitni qaror toptirish zarurligi ta’kidlandi.
“Mahalla yettiligi” vakillari hamda mas’ullarning takliflari tinglanib, aniq vazifalar belgilab olindi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati