Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 275-sonli umumta’lim maktabida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazildi.
Unda ichki ishlar organlari mas’ullari, “Avayxon”, “Oltintepa”, “Ko‘hna mevazor”, “Gulzorobod” va boshqa mahallalarning “mahalla yettiligi” tizimi xodimlari, voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlar, shuningdek bir guruh faollar hamda IIV akademiyasi vakillari qatnashdi.
Uchrashuvda mahallalarni jinoyatdan xoli hududga aylantirish borasida qilinayotgan ishlar va kelgusidagi vazifalar yuzasidan fikr almashildi.
Joriy yil boshidan huquqbuzarliklarning asl omillarini aniqlash va ularni bartaraf etish maqsadida yangi tizim yo‘lga qo‘yilgani, manzilli “yo‘l xarita”lar asosida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani aytib o‘tildi.
Ochiq muloqot chog‘ida mahallalarda sodir etilgan jinoyatlarning sabab va sharoitlari ham muhokama qilindi. Mas’ullarga kriminogen omillarni hisobga olgan holda profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, aholi bilan manzilli ishlash, hududlardagi muammolarni o‘z vaqtida hal qilish yuzasidan tavsiyalar berildi. IIV akademiyasi professor-o‘qituvchilari tomonidan jinoyatchilikni jilovlash borasida ilg‘or tajribalar yaratilgani, ularni amaliyotga tatbiq etish orqali natijadorlikni oshirish muhimligi qayd qilindi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati