Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Mahalla hayoti – bugunning dolzarb masalasi

21 May 2026, 21:46

27

Mahallalarda jinoyatdan xoli, osoyishta va xavfsiz muhitni shakllantirish bugun davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Bu borada amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda aholi muammolariga manzilli yondashish, jinoyatchilikning barvaqt oldini olish, profilaktika ishlari samaradorligini oshirish, hududlarda xavfsiz muhitni yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov “poytaxt namunasi” asosida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida Mirobod tumanining “Tong yulduzi” va “Qo‘yliq ota” mahallalarida bo‘ldi.

O‘rganishlar davomida mahallalarning kriminogen vaziyati, aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyatchilik omillari, “102” tizimi orqali kelib tushayotgan murojaatlar, hududlarni texnik va jismoniy qo‘riqlovga olish masalalari muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, “Tong yulduzi” mahallasida 2137 ta oila istiqomat qilib, profilaktik va probatsiya hisobida turuvchi 150 nafardan ortiq shaxslar mavjud. Keyingi paytlarda oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlardan o‘g‘irlik ko‘p qayd etilgan bo‘lib, ularning aksariyati savdo do‘konlari, xonadonlar, temir yo‘l vokzali hududida sodir qilingan.

Mas’ullar, “mahalla yettiligi” vakillari va akademiya magistraturasi tinglovchilari bilan uchrashuv chog‘ida mahallaning kriminogen vaziyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillarni bartaraf etish, hududlarda xavfsizlik choralarini kuchaytirish, profilaktik ishlarni manzilli tashkil qilish, fuqarolarning huquqiy mas’uliyati va ogohligini oshirish, “jinoyat o‘choqlari”ga barham berish zarurligi qayd etildi.

Shunday so‘ng akademiya boshlig‘i “Qo‘yliq ota” mahallasi vakillari bilan uchrashdi. Muhokama jarayonida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha “mahalla yettiligi” tizimi bilan hamkorlikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan qator vazifalar borligi ma’lum bo‘ldi.

Xususan, huquqbuzarlik sodir etganlar orasida alohida toifadagi shaxslar salmog‘i yuqori ekanligi, oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlarning ko‘pi boshqa hududdan kelgan fuqarolar tomonidan sodir etilayotganini inobatga olib, mazkur yo‘nalishda profilaktik ishlarni jadallashtirish lozimligi aytildi. Tizim samaradorligini oshirish uchun har bir jinoyatning oqibatiga emas, balki uning kelib chiqish sabablarini barvaqt aniqlashga e’tibor qaratish kerakligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, mas’ullarga kundalik faoliyatni tahlil qilib borish, ijtimoiy profilaktikani samarali tashkil qilish, kriminogen vaziyati og‘ir hududlar va aholi gavjum joylarga qo‘shimcha kuch-vositalarni yo‘naltirish, fuqarolar bilan doimiy muloqotda bo‘lish yuzasidan topshiriq berildi.

Manzilli o‘rganishlar davomida xavfsiz muhitni shakllantirishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqidiy-tahliliy ko‘rib chiqilib, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech