13–16-may kunlari Andijon viloyatida belbog‘li kurash bo‘yicha O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi.
Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Belbog‘li, bel olish va uch kurash assotsiatsiyasi, viloyat hokimligi hamda qator tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahridan 300 nafarga yaqin polvonlar ishtirok etdi.
Murosasiz o‘tgan mamlakat birinchiligida belbog‘li, bel olish va uch kurash bo‘yicha erkaklar hamda ayollar o‘rtasida g‘oliblar aniqlandi. Quvonarlisi, IIV Akademiyasi kursantlardan uch nafari sovrindorlar qatoridan joy oldi.
Jumladan, 60 kg vazn toifasida gilamga chiqqan Ulmeken Uzoqbergenova oltin medal va O‘zbekiston chempioni degan nomga sazovor bo‘ldi. Endi u Jahon chempionatida yurtimiz sharafini himoya qiladi. Final bahsida Ulmekenga raqiblik qilgan yana bir vakilimiz Karomat Davletova kumush medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 60 kg vaznda erkaklar o‘rtasida kechgan bahslarda Sanjar To‘lanboyevga bronza medali nasib etdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati