Jamoat xavfsizligi universitetida umumiy psixologiya fanidan olimpiada o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi hamda Jamoat xavfsizligi universitetida ta’lim olayotgan yoshlar qatnashdi. Ishtirokchilar “Test topshiriqlari”, “Blits savol-javob” va “Zakovat” shartlari asosida bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazdilar.
Olimpiada yakunida oliy o‘rin mezbonlarga, 1-o‘rin Xalqaro islomshunoslik akademiyasi talabalariga, 2-o‘rin IIV akademiyasi kursantlariga, 3-o‘rin esa Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti vakillariga nasib qildi. Shuningdek, hakamlar hay’ati tomonidan “Eng ilg‘or psixolog”, “Eng zukko jamoa”, “Eng faol jamoa” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi. Ularga diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirdi.
Bilimlar bellashuvi bo‘lajak mutaxassislarning kasbiy salohiyatini yuksaltirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida ijodiy hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati