Axborot texnologiyalari, qisqacha aytganda, IT jadal taraqqiy topayotgan sohalardan biri sanaladi. Shu bois, yoshlar orasida mazkur sohani mukammal egallashga ehtiyoj tobora kuchayib bormoqda.
Bu borada IIV Akademiyasining istiqbolli dasturida bir qator ustuvor vazifalar ko‘zda tutilgan. Xususan, “Smart-Akademiya” integrallashgan axborot-ta’lim platformasini joriy etish, ta’limni boshqarishni raqamlashtirish, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlash, ichki ishlar organlari faoliyatidagi elektron dasturlarni o‘quv jarayoniga integratsiya qilish borasida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.
Hozirda kunduzgi ta’lim kursantlari bilan “Ichki ishlar organlarida axborot texnologiyalari”, “Kiberjinoyatlarga qarshi kurashishni tashkil etish” yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shimcha fakultativ mashg‘ulotlar olib borilmoqda. Bunda jahon internet tarmog‘i imkoniyatlaridan samarali foydalanish, elektron dastur va platformalar yaratish, dasturiy ta’minotlar bilan ishlash hamda IT sohasining boshqa muhim tarmoqlari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilyapti.
Akademiya boshlig‘ining axborot texnologiyalarini rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari, mayor Jamshid Isroilovning ta’kidlashicha, ichki ishlar organlarida yuqori malakali kadrlarga ehtiyoj yildan-yilga kuchayib bormoqda. Kursantlarning IT texnologiyalar bo‘yicha salohiyatini yuksaltirish tizim samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati