Ichki ishlar vazirligi akademiyasi ishchi guruhi tomonidan Andijon viloyatidagi o‘rganishlar davom ettirilmoqda.
Ishchi guruh vakillarining aytishicha, bunda asosiy e’tibor “qizil” toifadagi mahallalarga qaratilgan. Mazkur hududlarda jinoyatchilikni jilovlash, kriminogen vaziyatni yaxshilash asosiy vazifa etib belgilangan.
Ana shu maqsadda Xonobod shahri, Xo‘jaobod, Jalaquduq va Qo‘rg‘ontepa tumanlarining “qizil” toifaga kiritilgan mahallalarida qator ishlar amalga oshirildi. Hududlar ahvoli o‘rganilib, sodir etilgan har bir jinoyatning sabab va shart-sharoitlari ilmiy-amaliy yondashuvlar asosida tahlil qilindi.
Mahalla faollari ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvlarda kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillar atroflicha muhokama qilindi. Huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan tadbirlar ta’sirchanligini oshirish, aholining barcha qatlamlari, ayniqsa yoshlar o‘rtasida jinoyatga murosasizlik muhitini qaror toptirish yuzasidan tavsiyalar berildi.
Aytish joizki, bugungi davrda milliy ma’naviyatimizga yot g‘oyalarning yoshlar tarbiyasiga ta’siri kuchayib bormoqda. Bunday sharoitda ularning intellektual salohiyatini yuksaltirish, vatanparvarlik va daxldorlik hissini oshirish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ishchi guruhi vakillari tomonidan joylardagi ta’lim muassasalarida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ustuvor maqsadi, yangilangan Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyati, davlatimiz tomonidan yoshlar uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar yetkazildi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati