Inson borki, mehnatlari rohatini ko‘rishni, hamisha hamkasblari-yu yaqinlari ardog‘ida bo‘lishni, o‘zidan yaxshi nom qoldirishni istaydi.
Hamma sohaning yuki bo‘lganidek, ichki ishlar organlari safida xizmat qilishning ham o‘ziga yarasha mashaqqati bor. Butun umr burch va mas’uliyat hissi bilan yashash, kasb sinovlarini matonat bilan yengish oson emas. Shu bois, tizimdan yorug‘ yuz bilan nafaqaga chiqqanlarga hamma havas qiladi, ularning hayot yo‘lidan ibrat olishga intiladi.
IIV akademiyasida bir guruh xodimlarni nafaqaga kuzatish marosimida ham ana shunday iliq so‘zlar yangradi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar tizim fidoyilarining samarali mehnat faoliyati, insoniy fazilatlari, ichki ishlar organlari uchun munosib kadrlar tayyorlash, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ilm-fanni ravnaq toptirish yo‘lida qilgan xayrli ishlarini e’tirof etishdi.
“Ustozlik nomini oqlash, shogirdlar kamolini ko‘rish chinakam saodatdir. Sizlarning boy bilim va tajribangiz endigina kasb etagini tutgan xodimlarimiz, katta maqsadlar bilan hayotga kirib kelayotgan yoshlarimizga chinakam maktab bo‘lishi shubhasiz. Ilmda nafaqaga chiqish bo‘lmaydi. Shunday ekan, jamoamiz hamisha sizlarga suyanadi”, - dedi akademiya boshlig‘i o‘rinbosari Ruftullo Nigmatov.
Kuzatuv marosimi yakunida xalqimizga xos azaliy qadriyat bo‘y ko‘rsatdi. Polkovnik Shavkatbek Mamadaliyev, Dilshod Payziyev, Ismoil Himmatov, podpolkovnik Bahodir Tillaxo‘jayevga milliy rasm-rusumlar bilan to‘n kiydirildi. Faxriylar so‘z olib, ko‘p yillik mehnatlar e’tirofi inson qadri ulug‘langan yurtimizda bo‘layotgan islohotlarning amaliy ifodasi ekanligini ta’kidlab, yig‘ilganlarga minnatdorlik bildirdilar.
Jamshid Xolov,
IIV akademiyasi Axborot xizmati