Ichki ishlar vazirligi akademiyasida Kinematografiya agentligi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, hozirgi murakkab sharoitda yoshlarning milliy g‘ururini yuksaltirish, yurt taqdiri va kelajagi uchun daxldorlik hissini oshirish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Davlatimiz rahbari Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida bu haqda to‘xtalib, “bugungi kunda har birimiz amalda Vatan himoyachisi bo‘lishimiz, yoshlarimizni ham shu ruhda kamol toptirishimiz zarur”, deya alohida ta’kidladi.
Kinoijodkorlar bilan uchrashuvda vatarparvarlik mavzusida yangi asar yaratish yuzasidan qizg‘in fikr almashildi. Axborot makonida inson ongi va qalbi uchun kurash kechayotgan bir davrda yoshlarni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ona Vatanimizni, tinch-osuda hayotimizni ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylashga da’vat etish zarur ma’naviy ehtiyojga aylangani aytib o‘tildi.
– Ichki ishlar organlari tizimida yurt taqdiri uchun o‘z jonini fido qilgan, el tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilayotgan qahramonlar ko‘p. Biz ana shunday fidoyi xodimlarning sharafli hayoti, mardligi va jasorati orqali yoshlar qalbiga yo‘l topishimiz, ularni Vatanga cheksiz muhabbat ruhida kamol toptirishimiz lozim, – dedi akademiya rahbari Rustam Xatamov.
Muloqot jarayonida Kinematografiya agentligi bilan hamkorlik mahsuli sifatida yaratilishi rejalashtirilayotgan yangi asarning g‘oyaviy mazmuni, tarbiyaviy-axloqiy jihatlari, filmni moliyalashtirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Shu kuni kinoijodkorlar ta’lim muassasasi faoliyati hamda maskanda ta’lim olayotgan kursantlar hayoti bilan tanishdilar. Akademiyadagi yangilanishlar mehmonlarda yorqin taassurot qoldirdi.
IIV akademiyasi Axborot xizmati