13–15-avgust kunlari IIV akademiyasida Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda navbatdagi o‘quv yig‘ini o‘tkazildi.
Mashg‘ulotlar tergovchi va tezkor xodimlarning kiberjinoyatlarni aniqlash, fosh etish hamda tergov qilish bo‘yicha kasbiy salohiyatlarini oshirish, amaliyotga ilg‘or yondashuvlarni tatbiq qilish maqsadida tashkil etildi.
O‘quv yig‘ini davomida soha mutaxassislari va akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan kiberjinoyatlarga qarshi kurashishning huquqiy asoslari, ushbu turdagi jinoyatlarni fosh etishga qaratilgan tezkor-qidiruv tadbirlari, onlayn narkodo‘konlar va narkolaboratoriyalarni aniqlash, internet firibgarligi, kriptovalyuta, fishing va bank kartalari bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi kurashish, kiberjinoyatlarni tergov qilish, zamonaviy axborot tizimlari va dasturlarning imkoniyatlari hamda boshqa dolzarb mavzular atroflicha yoritildi.
Shuningdek, tinglovchilar Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamentida bo‘lib, amaliyotda qo‘llanilayotgan axborot tizimlari, ma’lumotlar bazalari va tahliliy platformalar, maxsus texnik vositalar bilan yaqindan tanishdilar.
IIV akademiyasi Axborot xizmati