IIV akademiyasida kiberjinoyatlarga qarshi kurashish yo‘nalishida qisqa muddatli o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi.
Joriy yilning 6–8-avgust kunlari o‘tkazilgan mashg‘ulotlarga Ichki ishlar vazirligi Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamentining hududiy boshqarmalarida faoliyat olib borayotgan tergovchi va tezkor vakillar jalb qilindi.
O‘quv dasturi xodimlarning kiberjinoyatlarni barvaqt aniqlash va oldini olish, fosh etish hamda tergov qilish bo‘yicha kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirishga qaratildi. Mashg‘ulotlar Ichki ishlar vazirligi Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti mas’ullari, malakali mutaxassislar, hamkor tashkilotlar vakillari hamda akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan zamonaviy interfaol-simulyatsion metodlar asosida olib borildi.
Seminar-treninglarda “Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosati va amaldagi qonunchilik”, “Kiberjinoyatlarni fosh etishda tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazish tartibi va asoslari”, “Axborot texnologiyalari yordamida bank plastik kartalaridagi pul mablag‘larini talon-toroj qilish jinoyatlari bo‘yicha o‘tkaziladigan tezkor-qidiruv tadbirlar”, “Onlayn narkoshop va narkolabaratoriyallar bilan bog‘liq jinoyatlarni aniqlash usullari”, “Internet firibgarligi, bank kartalari bilan bog‘liq jinoyatlar, kriptovalyuta va fishing jinoyatlarini tergov qilish taktikasi” kabi dolzarb mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Bundan tashqari, ishtirokchilar Kriminalistika markazi faoliyati bilan yaqindan tanishib, zamonaviy texnik imkoniyatlar va raqamli dalillarni tadqiq etish amaliyoti bo‘yicha zarur ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
IIV akademiyasi Axborot xizmati