IIV Akademiyasida kiber jinoyatchilikka qarshi kurashishni huquqiy ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti, IIV Kiberxavfsizlik markazi, Tergov departamenti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi vakillari ishtirokida o‘tkazilgan anjumanda dolzarb ahamiyatga molik fikr-mulohazalar bildirildi.
Soha vakillari kiber jinoyatlarga qarshi kurashishni huquqiy ta’minlashda yuzaga kelayotgan ayrim muammolarga e’tibor qaratishdi. Ta’kidlab o‘tilganidek, raqamli texnologiyalar imkoniyatlarining kengayib borayotgani natijasida virtual makonda sodir etilayotgan huquqbuzarliklar soni ortib bormoqda. Bu esa kiberxavfsizlikni ta’minlash masalasiga zamonaviy yondashuvlarni tatbiq etishni taqozo etadi. Mamlakatimizda “Kiberxavfsizlik to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan bo‘lib, unda kiberxavfsizlik sohasini davlat tomonidan tartibga solish mexanizmlari, xususan, davlat organlari va tashkilotlarining kiberxavfsizlikni ta’minlash borasidagi huquq hamda majburiyatlari belgilab berilgan
Anjumanda axborot texnologiyalari yordamida sodir etilgan jinoyatlarni aniqlash va tergov qilishning xususiyatlari, kibermakonda shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish, sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish va boshqa dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi, muhim taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati