Poyoniga yetgan hafta IIV Akademiyasi sportchilari uchun zafarlarga boy o‘tdi. Vakillarimiz turli musobaqalarda qatnashib, qator medallarga sazovor bo‘lishdi.
12–14-aprel kunlari poytaxtimizdagi “Dinamo” sport majmuasida respublikamiz huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlari o‘rtasida yengil atletika bo‘yicha spartakiada o‘tkazildi.
Musobaqaning shved estafesi yo‘nalishida F. Habibullayev, M. Ergashev, Sh. Musriddinov hamda A. Salayevdan iborat IIV Akademiyasi kursantlari jamoasi faxrli 3-o‘rinni egallashga muvaffaq bo‘ldi. Bellashuv yakunida kuchli uchtalikka kirgan sportchi va jamoalar tadbir tashkilotchilarining sovg‘alari bilan taqdirlandi.
* * *
14–16-aprel kunlari Samarqand shahrida sambo bo‘yicha faxriylar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi. Unda 150 nafardan ortiq ishtirokchi 6 ta vazn toifasida bellashdi.
Kurashlarga boy o‘tgan musobaqaning 40-44 yoshli ishtirokchilari o‘rtasida IIV Akademiyasi katta o‘qituvchisi, podpolkovnik Sergey Petryanin (79 kg) faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlarga diplom hamda medallar taqdim etildi.
* * *
15-16-aprel kunlari poytaxtimizdagi “Jar” sport majmuasi karate-do bo‘yicha O‘zbekiston chempionatiga mezbonlik qildi. O‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqada uch yuzdan ortiq karate ustalari ishtirok etdi.
Mamlakat birinchiligida IIV Akademiyasi terma jamoasining 2 nafar a’zosi shohsupadan o‘rin oldi. Jumladan, 1-o‘quv kursi kursanti J. Turopov ikkita yo‘nalishda bronza medallarini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2-o‘quv kursi kursanti H. Fayzullayev bittadan oltin va bronza medallariga sazovor bo‘ldi. Mahoratli murabbiy Muxtor Yetmishboyev shogirdlari joriy yili Toshkentda o‘tkaziladigan qit’a chempionatiga yo‘llanmani ham naqd qilishdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati