Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Yurtga sadoqatning oliy namunasi

22 Noyabr 2021, 05:11

2231

Vatanga qasamyod – or-nomus, g‘urur va sadoqat ramzi. U yosh avlodni yurt tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida sharafli burchni mardonavor ado etishga da’vat etadi. Ichki ishlar vazirligi akademiyasi kursantlari ham ona Vatanimiz oldida tantanali ravishda qasamyod qildilar.

Tadbirda Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov, Akademiya rahbariyati, soha xodimlari hamda faxriylari, jamoatchilik vakillari va ota-onalar ishtirok etdi. Orkestr sadolari ostida muqaddas saf maydoniga shon-shuhrat va jasorat timsoli bo‘lgan Jangovar bayroq olib kirildi.

Ichki ishlar organi xodimi bo‘lishni maqsad qilgan kursantlar ona Vatanimiz, xalqimiz va Prezidentimizga sadoqat bilan xizmat qilishga, muqaddas burchni vijdonan bajarishga qasamyod qildilar. Tantanali marosim saf maydonida yig‘ilgan barcha yurtdoshlarimiz qalbida Yangi O‘zbekistonning tinch-osuda va farovon hayoti, bag‘rikeng xalqimizning yaratuvchanlik va bunyodkorlik salohiyati, ertangi yorug‘ istiqbolidan faxr-iftixor tuyg‘ularini jo‘sh urdirdi.  

Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov so‘z olar ekan, tizimda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarga to‘xtaldi.

– Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar zamirida, avvalo, inson manfaatlarini, uning huquq va erkinliklarini ta’minlashdek ulug‘vor maqsad turibdi, – dedi P.Bobojonov. – So‘nggi yillarda ichki ishlar organlarini xalq manfaatlariga xizmat qiladigan xalqchil tuzilmaga aylantirish maqsadida tizim faoliyati tubdan isloh qilindi. Natijada, jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha yuzaga kelayotgan tezkor vaziyatga samarali ta’sir o‘tkaza oladigan yangi tizim yaratildi.

Ta’kidlab o‘tilganidek, inson qadri ulug‘langan Yangi O‘zbekistonda islohotlarning amaliy ifodasi yoshlarning bilim salohiyati, yuksak ma’naviy fazilatlari, hayotga intilishi va g‘ayrat-shijoatiga bog‘liq. Soha uchun professional kadrlar tayyorlashni yanada takomillashtirish maqsadida Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida bakalavriat va magistraturani o‘z ichiga oladigan ikki bosqichli zamonaviy oliy ta’lim tizimi, o‘quv jarayoniga nazariya bilan amaliyot uyg‘unligini ta’minlash uchun yangi ta’lim mexanizmlari joriy qilindi.

– Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev: “Yangi O‘zbekistonning nafasi, sur’ati va shiddatini avvalo aziz o‘g‘il-qizlarimizning azmu shijoati, dadil fikr va takliflarida, erishayotgan dastlabki yutuqlarida ko‘raman”, deya alohida ta’kidladilar. Akademiya kursanti degan sharafli nomga sazovor bo‘lgan yigit-qizlar har qanday mashaqqat va sinovlardan cho‘chimay, zamonaviy bilim va kasbiy ko‘nikmalarni mukammal egallashlari, bir so‘z bilan aytganda, buyuk ajdodlarimizga munosib voris bo‘lib, davlatimizning yuksak ishonchini sidqidildan oqlashlari kerak. Zero, maqsadimiz tizim uchun intellektual salohiyati va professional bilim darajasi yuqori, ma’naviy-axloqiy jihatdan yetuk, Vatan taqdiriga daxldor Yangi avlod ichki ishlar organlarini kamol toptirishdir, – dedi P.Bobojonov.

Tantanali tadbirda ota-onalar nomidan Rohatoy Saparbaeva, birinchi bosqich kursantlari Oygul Mamajonova va Abduqahhor Rahimovlar so‘zga chiqdi. Saf maydoni bo‘ylab tantanavor yurish buyuk maqsadlarni ko‘zlagan navqiron o‘g‘il-qizlarning o‘z tanlagan kasbiga mehri va sadoqatini yana bir karra namoyon etdi.

Jamshid XOLOV,

kapitan.

Abu KENJAEV olgan suratlar.

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech