Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Yuksak ehtirom va e’tibor sohibalari

08 Mart 2022, 06:03

1973

Ayol – mehr-oqibat, sadoqat timsoli. Ayol qadri ulug‘langan yurtda tinchlik barqaror, jamiyat farovon, xayrli amallar bardavom bo‘ladi.

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda ta’lim maskani boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov yig‘ilganlarni bayram bilan muborakbod etdi.

– Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bugungi farovon hayotimiz va yorug‘ kelajagimiz ayollarga bog‘liq, deya alohida e’tirof etdilar. Chindan ham, ayoldek mo‘tabar zotni ulug‘lash, xotin-qizlarga izzat-ehtirom ko‘rsatish xalqimiz ma’naviy hayotining ajralmas bo‘lagiga aylangan, – dedi o‘quv dargohi boshlig‘i.

E’tirof etilganidek, yurtimiz xotin-qizlari har bir jabhada o‘z o‘rniga ega bo‘lib bormoqda. So‘nggi yillarda ichki ishlar organlarida ham ayol xodimalar safi sezilarli oshdi. Vatanimiz tinchligi va xalqimiz farovonligi yo‘lida fidokoronona xizmat qilayotgan xotin-qizlarimiz davlatimizning yuksak orden va medallari, idoraviy mukofotlar, yuqori unvonlarga munosib ko‘rilmoqda.

Bayram tadbirida bir guruh xodimalar Ichki ishlar vazirligining “Benuqson xizmatlari uchun”, “A’lo xizmatlari uchun” ko‘krak nishonlari, faxriy yorliq va esdalik qo‘l soatlari bilan taqdirlandi. Shuningdek turli jabhalarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar hamda faxriylar pul mukofotlari bilan rag‘batlantirildi. O‘quv dargohi boshlig‘i mukofotlarni o‘z egalariga tantanali ravishda topshirdi.

– Jamiyatimizdagi islohotlar “inson qadri uchun” degan tamoyilni ro‘yobga chiqarmoqda. Buning zamirida, eng avvalo, xalqimizni rozi qilish, xotin-qizlarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, mehnatini munosib qadrlashdek ulug‘ maqsadlar yotibdi. Biz ayollar bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikni yurakdan his etib, ona Vatanimizga sadoqat bilan xizmat qilamiz, – dedi O‘quv-saf qismi kurslar boshlig‘ining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, podpolkovnik Shoira Sobirova.

Sana munosabati bilan o‘quv dargohining Ma’naviyat va ma’rifat markazida ham tadbir bo‘lib o‘tdi. Kunduzgi ta’lim kursantlari ishtirok etgan kechada bayram tilaklari bildirildi. Akademiya boshlig‘i davlatimiz rahbarining xotin-qizlarga yo‘llagan tabrigidagi ustuvor vazifalarga to‘xtalib, “kursant qizlarimiz davlatimiz tomonidan yaratilgan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalangan holda zamonaviy bilim va yutuqlarni mukammal egallashlari, jasur va vatanparvar kadrlar bo‘lib yetishishlari lozim”, dedi.

Shu kuni kursantlarga milliy va jahon adabiyotining eng sara asarlari bayram sovg‘asi sifatida tuhfa qilindi.

Tadbir elimiz ardog‘idagi san’at ustalari hamda badiiy havaskorlik jamoalari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi bilan davom ettirildi.

 

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech