Ichki ishlar organlari xodimlari orasida sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish borasida tizimli ishlar qilinmoqda.
Sir emaski, soha xodimlari o‘z xizmat vazifasini bajarish chog‘ida turli nostandart holat yoki vaziyatlarga duch kelishadi. Bunday paytda yetuk bilim va kasbiy mahorat, maʼnaviy-ruhiy tayyorgarlik birlamchi ahamiyat kasb etadi.
Tizimning barcha sohaviy xizmatlarida boʼlgani kabi Ichki ishlar vazirligi akademiyasida ham bu borada aniq chora-tadbirlar belgilangan. Doimiy tarkib aʼzolari bilan olib borilayotgan mashg‘ulotlar xodimlarning jismoniy va jangovar ko‘nikmalarini mustahkamlash, xizmatga shayligini oshirishda muhim omil bo‘lmoqda.
– Taʼlim muassasamizda xodimlarning jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan, – deydi Kadrlar bo‘limi bosh inspektori, mayor Bahodir Axmedov. – Zamonaviy inventarlar bilan jihozlangan zallarda malakali murabbiylarimiz sportning qo‘l jangi, sambo, jangovar sambo, amrrestling, dzyudo va boshqa turlari sir-asrorlarini puxta o‘rgatib kelishmoqda. Bundan tashqari, sohaviy xizmatlar o‘rtasida o‘tkazib kelinayotgan sport musobaqalari ham jamoada sportni yanada ommalashtirishga xizmat qilmoqda.
Darhaqiqat, ichki ishlar organi xodimlari yuksak bilim va mahorat egasi bo‘lish bilan birga, jismoniy va jangovar ko‘nikmalarni ham mukammal o‘zlashtirishlari kerak. Xizmat va jangovar-jismoniy tayyorgarlik mashg‘ulotlarining bir maromda tashkil etilayotgani xodimlarning professional mahoratini oshirmoqda.
IIV Аkademiyasining Аxborot xizmati