
Yangi O‘zbekistondagi keng ko‘lamli islohotlar inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, jamiyatda “inson qadri uchun” degan ezgu tamoyilni to‘laqonli ro‘yobga chiqarishga qaratilgan.
Inson qadrini ulug‘lash, avvalo, aholining farovonligini oshirish, qonun ustuvor jamiyatni barpo etish deganidir. Buning uchun har bir sohada ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, xalq manfaatlariga xizmat qiladigan samarali tizim yaratish, korrupsiyaviy holatlarga butkul barham berish va ushbu illatga qarshi murosasiz kurashish lozim.
Bu borada Prezidentimiz Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida islohotlar yo‘lidagi eng katta to‘siq va g‘ov korrupsiya ekanini alohida ta’kidladi. Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilishda davlatimiz rahbari tomonidan aniq maqsadlarga yo‘naltirilgan 55 ta tashabbus ilgari surildi. Muhim yo‘nalishlar qatorida jinoyatlarni hisobga olish tizimini to‘liq raqamlashtirish masalasiga ham e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksida jinoyatga oid ma’lumotlarni ko‘rib chiqish va hal etishga doir qator normalar belgilangan. Jumladan, jinoyatga oid arizalar, xabarlar va boshqa ma’lumotlar ro‘yxatga olinishi va darhol yoki qo‘shimcha tekshirish zarurati bo‘lganda o‘n sutka yoxud prokurorning ruxsati bilan bir oygacha bo‘lgan muddatda hal qilinishi lozim. Ushbu muddat jinoyatga oid ma’lumotlar qayd etilgan vaqtdan boshlanib, holat bo‘yicha jinoyat ishini qo‘zg‘atish yoki qo‘zg‘atishni rad qilish to‘g‘risida qaror chiqarilguniga yoxud tergovga qadar tekshiruv materiallari prokurorga yuborilguniga qadar bo‘lgan vaqtni o‘z ichiga oladi.
Tergovga qadar tekshiruv materiallari prokuratura organlariga yuborilishining boisi, jinoyat sodir etilgani to‘g‘risidagi ariza va xabarlarni ko‘rish hamda hal qilish, tekshiruvni amalga oshirishning qonunda belgilangan tartibi, chiqarilgan qarorning qonuniyligini nazorat qilish prokurorning vakolatidir. Ushbu qoidalarda qonunchilikda tergovga qadar tekshiruv, ya’ni jinoyatga oid ariza, xabar va boshqa ma’lumotlar ro‘yxatga olinishini hal qilish jarayonida raqamli texnologiyalarni nazarda tutadigan yoki uni cheklaydigan alohida norma ko‘zga tashlanmaydi.
Bu borada ba’zi davlatlar tajribasi o‘rganilganda, jinoyat ish yurituvi jarayoni raqamlashtirilgani ijobiy samara berayotgani ma’lum bo‘ldi. Masalan, Germaniyada jinoyat to‘g‘risida ariza, xabar va ma’lumotlarning raqamli tekshiruvi jinoyat-protsessual qonunchilik bilan tartibga solingan. Armaniston Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, yuridik shaxsning jinoyat to‘g‘risidagi xabari xizmat xati shakliga ega bo‘lishi yoki telegramma, telefonogramma, radiogramma, elektron pochta yoxud boshqa tasdiqlangan ma’lumot ko‘rinishida bo‘lishi lozim. Bundan tashqari, mazkur tizim Gruziya, Qozog‘iston, Saudiya Arabistoni, Estoniya va boshqa davlatlarda ham yo‘lga qo‘yilgan.
Mamlakatimizda 2020 yilga qadar ichki ishlar organlariga kelib tushgan jinoyat va hodisalar haqidagi xabarlar qog‘oz shaklda qabul qilinar, bu esa ma’lumotlarni o‘z vaqtida ro‘yxatga olish hamda jinoyat-protsessual qonunchilikda belgilangan muddatda hal qilishda salbiy holatlarni keltirib chiqarayotgan edi. Tizimdagi izchil islohotlar samarasi o‘laroq ichki ishlar organlari faoliyatiga axborot texnologiyalari keng joriy qilingani natijasida “102” avtomatlashtirilgan axborot tizimi yo‘lga qo‘yildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilda “102” xizmatiga besh milliondan ortiq murojaat kelib tushgan, ularning barchasi qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rib chiqilgan.
Albatta, jinoyatga oid ariza, xabar va boshqa ma’lumotlarni ro‘yxatga olishning tezkorligi va inson omilisiz amalga oshirilishi ijobiy jarayondir. Bu o‘rinda qayd etilgan ma’lumotlarni qonun talablari asosida tekshirish va hal etish jarayonini ham raqamlashtirish vazifasi dolzarb masala. Aynan bu borada 2021-yildan boshlab jinoyatga oid ariza, xabar va boshqa ma’lumotlarni elektron ro‘yxatga olish va ko‘rib chiqish natijalarining yagona elektron hisobini yuritish imkonini beruvchi “E-material” dasturiy moduli ishga tushirildi.
Belgilangan tartib bo‘yicha “102” tizimi orqali qayd etilgan huquqbuzarliklarga oid ma’lumotlar tergovga qadar tekshiruv organi mansabdor shaxsiga yetkaziladi. Tergovga qadar tekshiruv organi xodimining murojaatni hal etish jarayoni situasion-tahliliy markaz kuzatuvida bo‘ladi. Bundan tashqari, “E-material” dasturiy moduli yordamida jinoyatga oid ma’lumotlarni hal etish jarayoni bo‘yicha prokurorlik hamda idoraviy nazorat ham amalga oshiriladi.
Biroq tahlillar jinoyatga oid ariza va xabarlarni “E-material” elektron axborot tizimi orqali ro‘yxatga olish, ular bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlarini o‘tkazishda protsessual qonunchilikka amal qilish yuzasidan idoraviy hamda prokurorlik nazoratini yanada kuchaytirish lozimligini ko‘rsatadi.
Shundan kelib chiqib, “E-material” elektron axborot tizimiga jinoyatga oid ariza, xabar va boshqa ma’lumotlarning to‘g‘ri qayd etilishi bo‘yicha prokuror nazoratini kuchaytirish, jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqidagi har bir qaror loyihasining prokuror va tergov organi rahbari tomonidan o‘rganilib, jinoyat alomatlari mavjud emasligi to‘g‘risida xulosa qilish, yaqqol jinoyat alomatlari mavjud bo‘lgan ma’lumotlar bo‘yicha darhol jinoyat ishi qo‘zg‘atish choralarini ko‘rish jinoyatlarni hisobga olish faoliyatini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
Mazkur mexanizm joriy etilishi natijasida, birinchidan, jinoyatga oid ariza, xabar va boshqa ma’lumotlarni o‘z vaqtida qabul qilish hamda ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi takomillashtiriladi.
Ikkinchidan, tergovga qadar tekshiruv faoliyati ustidan prokurorlik va idoraviy nazorat yanada kuchaytiriladi hamda jinoyatni hisobdan yashirish holatlariga barham beriladi.
Uchinchidan, jinoyat va hodisalarga oid ariza, xabar va boshqa ma’lumotlarni ko‘rib chiqish hamda tergovga qadar tekshiruv jarayonini to‘liq raqamlashtirish imkoniyati vujudga keladi. Eng muhimi, davlat organlarining vakolatli mansabdor shaxslari bilan bog‘liq korrupsiyaviy jinoyatlarni oziqlantiruvchi omillar bartaraf etiladi.
Rustam HOTAMOV,
IIV akademiyasi boshlig‘i,
yuridik fanlar bo‘yicha
falsafa doktori (PhD), dotsent