Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

JINOYATCHILIKNI JILOVLASHDA YANGICHA YONDASHUV Bu amaliyot uchun nima beradi?

28 Yanvar 2023, 08:01

1185

So‘nggi yillarda ichki ishlar organlarining xalqchil faoliyatini ta’minlashga qaratilgan samarali tizim yaratildi. Soha faoliyati tubdan isloh qilinib, quyi bo‘g‘in sanalgan mahallalarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, sodir etilayotgan har bir jinoyatning sabablarini o‘rganish, bunga imkon berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratildi.

Xalq bilan muloqotning manzilli tizimi yo‘lga qo‘yilib, profilaktika inspektorlarining faoliyati aholining kunlik muammolarini hal etishga yo‘naltirildi. Jinoyatchilikni barvaqt aniqlash va fosh etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni qamrab olgan yangi mexanizmlar joriy qilindi. Joylardagi kriminogen vaziyatni chuqur tahlil qilish, jinoyatlarning dinamikasi va sodir etilishiga ta’sir qilayotgan omillarni aniqlash, “ilmiy diagnoz” qo‘yish orqali jinoyatchilik ko‘rsatkichlarini prognozlash va uning oldini olish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Muhimi, sohadagi keng qamrovli islohotlar ichki ishlar organlarini aholiga yanada yaqinlashtirishga, fuqarolarni tashvishga solayotgan muammo va masalalarni joyida hal etish barobarida, hududlarning kriminogen vaziyatini barqarorlashtirishga xizmat qilmoqda.

Biroq hozirgi murakkab sharoitda yangidan-yangi tahdid va xavf-xatarlarning paydo bo‘layotgani, jinoyatlarni sodir etish usullari va maqsadlarining o‘zgarib borayotgani ichki ishlar organlari faoliyatini ilmiy yondashuvlar asosida tashkil qilishni, ilmiy faoliyat va amaliyotning uzviy bog‘liqligini ta’minlagan holda ilmiy ishlanmalar natijalarini tizim faoliyatiga keng joriy etishni dolzarb vazifa sifatida qo‘ymoqda.

Bu boradagi ishlarni jadallashtirish maqsadida Ichki ishlar vazirining “Ichki ishlar organlarida ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish, natijalarni amaliyotga joriy qilish va ijobiy tajribalarni ommalashtirish to‘g‘risida”gi buyrug‘i qabul qilindi. E’tiborlisi, mazkur buyruq bilan IIV Akademiyasi huzurida doimiy faoliyat yurituvchi oliy maslahat organi − Ilmiy ishlanmalar natijalarini ichki ishlar organlari faoliyatiga joriy qilish va ijobiy tajribalarni ommalashtirish bo‘yicha kengash tashkil etildi. Kengash zimmasiga ichki ishlar organlari faoliyatining ilmiy asoslarini rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilash, ilmiy faoliyatni tizimdagi mavjud ehtiyojni inobatga olgan holda uyg‘un ravishda olib borish, hududiy ichki ishlar organlarining buyurtmasi asosida sodir etilayotgan jinoyatlarning sabab va shart-sharoitlarini o‘rganish, ularning oldini olish va fosh etish bo‘yicha ilmiy xulosa va takliflar ishlab chiqish hamda amaliyotga tatbiq etish, shu asosda joylardagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish kabi ustuvor vazifalar yuklatildi.

Joriy yilning 28-yanvar kuni IIV Akademiyasida kengashning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Vazirlik tarkibiy tuzilmalari rahbarlari, kengash ishchi organi a’zolari, professor-o‘qituvchilar, shuningdek onlayn formatda hududiy ichki ishlar organlari boshliqlari qatnashgan yig‘ilishda yangi tizimning maqsad va vazifalari, uni amalga oshirish mexanizmlari, zamonaviy sharoitda kengash oldidagi dolzarb yo‘nalishlar va kutilayotgan natijalar qizg‘in muhokama qilindi. Akademiya rahbari, polkovnik Rustam Xatamov hududiy ichki ishlar organlariga ilmiy-metodik jihatdan yordam ko‘rsatish maqsadida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar hududlarning kriminogen vaziyatini yaxshilashga xizmat qilayotgani, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasini samarali tashkil etishga qaratilgan kengash faoliyati orqali bu boradagi ishlar tubdan takomillashtirishini ta’kidlab o‘tdi.

Yig‘ilishda kun tartibidagi masalalar, jumladan, ichki ishlar organlari faoliyatiga ilmiy ishlanmalar natijalarini joriy qilish va ijobiy tajribalarni ommalashtirishning ahamiyati, Ichki ishlar vazirligi ilmiy faoliyati hamda kengashning 2023-yilga mo‘ljallangan ishlar rejasi ishchan ruhda muhokama qilindi. Soha vakillari, hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari, ekspert va mutaxassislarning mulohaza hamda takliflari tinglanib, kelgusidagi aniq vazifalar belgilab olindi.

Muxtasar qilib aytganda, ichki ishlar organlarining xalqchilligini oshirish, jamiyatdagi obro‘sini yuksaltirish bugungi islohotlarning bosh maqsadiga aylangan. Bu esa, birinchi navbatda, qonun talablari va inson huquqlari oliy qadriyat sifatida belgilangan yurtimizda jinoyatchilikning har qanday ko‘rinishlariga qarshi murosasiz kurashish, fuqarolarning qonuniy huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni to‘la qaror toptirishga bog‘liq. Amaliyotga tatbiq etilayotgan yangi tizim ayni jihatlari bilan ana shu pirovard maqsadga xizmat qiladi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

 

 

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech