Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

Jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha vazifalar belgilab olindi

23 Dekabr 2023, 04:12

417

18–22-dekabr kunlari IIV Akademiyasi professor-o‘qituvchilaridan iborat ishchi guruh Toshkent viloyatining Angren shahrida bo‘ldi.

Xizmat safari davomida kriminogen vaziyat bilan bog‘liq dolzarb masalalar, ya’ni jinoyatchilikning umumiy salmog‘i, sodir etilayotgan huquqbuzarliklar sabablari, bunga imkon berayotgan shart-sharoitlar, jinoyatchilikni jilovlashga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlar hamda mavjud muammolar ilmiy diagnoz asosida o‘rganildi. Shu bilan birga, ishchi guruh a’zolari kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarga chiqib, faollar bilan uchrashdilar. Muloqot chog‘ida “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

O‘rganishlar yakuni bo‘yicha hududning o‘ziga xos xususiyatini inobatga olgan holda qator takliflar ishlab chiqildi. Jumladan, jinoyatchilikni jilovlash, aholi bandligini oshirish, mahallalarda ijtimoiy profilaktika obyektlari bilan tegishli dasturlar asosida manzilli ishlash, sayyohlik oqimi yuqori hududlarga qo‘shimcha kuch va vositalarni jalb qilish, aholi gavjum va jinoyat ko‘p sodir etilayotgan joylarni qo‘shimcha kuzatuv kameralari bilan ta’minlash, fuqarolar o‘rtasida huquqiy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.

Bundan tashqari, o‘rta bo‘g‘in rahbarlari bilan qisqa muddatli o‘quv mashg‘uloti tashkil etilib, ichki ishlar organlaridagi islohotlarning mazmun-mohiyati, dolzarb vazifalar, faoliyat samarali tashkil mexanizmlari tushuntirib o‘tildi.

Xulosa qilib aytganda, “mahallabay” yondashuv asosida olib borilgan o‘rganishlar o‘z ijobiy natijasini ko‘rsatishi, shubhasiz. Aslida maqsad ham shu – ulkan iqtisodiy salohiyatga ega, viloyatning turizm markazlaridan biriga aylanib borayotgan Angren shahrini jinoyatdan xoli hududga aylantirishdir.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech