Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

JINOYATCHILIKKA QARSHI KURASHISHNING DOLZARB MUAMMOLARI XALQARO VA MAHALLIY EKSPERTLAR NIGOHIDA

25 Noyabr 2022, 09:11

1360

Bugun, 25-noyabr kuni Ichki ishlar vazirligi akademiyasida “Jinoyatchilikka qarshi kurashishning dolzarb muammolari: nazariya va amaliyot” mavzuida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Ilmiy-amaliy konferensiyada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati vakillari, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi (UNODC)ning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi ekspertlari, qator vazirlik va idoralar mutasaddilari, shuningdek onlayn formatda Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Belarus, Qirg‘iz, Qozog‘iston va Tojikiston Respublikalarining yetakchi ta’lim muassasalaridan mutaxassislar ishtirok etdi.

Konferensiya ishini IIV Akademiyasi rahbari Rustam Xatamov ochib, global va mintaqaviy xavfsizlikka jiddiy tahdid solayotgan xavf-xatarlar, barqaror rivojlanish va jinoyatchilikka qarshi kurashishda ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash masalalari, bu borada O‘zbekiston milliy strategiyasining ustuvor jihatlariga atroflicha to‘xtaldi.

– Hozirgi murakkab sharoitda jinoyatchilik masalasi ko‘p qirrali hamkorlikni taqozo etadigan dolzarb muammoga aylandi, – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov. – Keyingi yillarda mamlakatimiz milliy tajribasida jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha samarali tizim yaratildi. Ayniqsa O‘zbekistonning global barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan qat’iy tashabbuslari jahon hamjamiyati tomonidan ham alohida e’tirof etilmoqda. Bugungi ilmiy-amaliy konferensiya shunisi bilan ahamiyatliki, unda jinoyatchilikka qarshi kurashishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish, ayni jarayonda fuqarolik jamiyati institutlarining rolini kuchaytirish orqali jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasida muhim tavsiyalar bildirildi.

Konferensiyada BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining Markaziy Osiyoda odam savdosi va migrantlar kontrabandasiga qarshi kurashish bo‘yicha mintaqaviy maslahatchisi Reda Sirgediyene, Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Tolibjon Madumarov va boshqalar so‘z olib, anjumanning muhim yo‘nalishlariga e’tibor qaratdi. 

Shundan so‘ng mahalliy va xalqaro ekspertlarning “Zamonaviy O‘zbekiston jinoyat qonunchiligini takomillashtirishning dolzarb yo‘nalishlari”, “BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining odam savdosi va migrantlar kontrabandasiga qarshi kurashish bo‘yicha tashabbuslari”, “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi kurashishning muammo va yechimlari”, “Kiberjinoyatlarni tergov qilish metodikasini takomillashtirish masalalari”, “Jinoyatchilikka qarshi kurashishning yangi vektorlari”, “Raqamlashtirish davrida jinoiy siyosatning asosiy tendensiyalari” mavzuidagi ma’ruzalari tinglandi.

Kunning ikkinchi yarmida konferensiya ishi belgilangan mavzular bo‘yicha alohida sho‘balar ko‘rinishida davom ettirildi. Munozaralar jarayonida jinoyatchilikka qarshi kurashishning nazariy va amaliy jihatlari, xususan, yangi ko‘rinishdagi tahdidlarning oldini olishda zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish, sohaning huquqiy asoslarini takomillashtirish, bu borada ayrim davlatlar milliy qonunchiligining o‘ziga xos xususiyatlari, ta’lim sohasida tajriba almashinuvini kengaytirishda istiqboldagi asosiy yo‘nalishlar yuzasidan batafsil fikr almashildi. Mazkur sohadagi muammolarning ilmiy-amaliy yechimlariga qaratilgan taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqildi. Ishtirokchilar konferensiya yakunlariga bag‘ishlangan ilmiy maqolalar to‘plamini chop etishga kelishib oldilar.  

Xalqaro konferensiya doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

IIV Akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech