Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
Рус Ўзб O'z En

Yangiliklar

JINOYAT-IJROIYA QONUNCHILIGI ISTIQBOLLАRI

25 Sentyabr 2021, 04:09

755


IIV Аkademiyasida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy anjuman jinoyat-ijroiya qonunchiligi istiqbollariga bag‘ishlandi.

Ichki ishlar vazirligi sohaviy xizmatlari mutasaddilari, malakali ekspertlar, yuridik taʼlimga ixtisoslashgan o‘quv muassasalari professor-o‘qituvchilari, huquqshunos olimlar va kursantlar ishtirok etgan anjumanda jazoni ijro etish xizmati faoliyatini samarali tashkil etish, bu borada o‘zaro tajriba almashish orqali tizimni yanada takomillashtirish, soha uchun malakali kadrlar tayyorlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Аnjuman avvalida IIV Аkademiyasi boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning tub negizida inson manfaatlarini himoya qilish, fuqarolarning qonuniy huquq va erkinliklarini taʼminlashdek ustuvor masala turganini eʼtirof etdi. Keyingi yillarda sud-huquq sohasi, xususan, jazoni ijro etish tizimida inson huquqlariga rioya etish, mahkumlarning shaʼni va qadr-qimmati hurmat qilinishini taʼminlashning shaffof hamda samarali mexanizmlari keng tatbiq etilmoqda. Bu borada milliy qonunchiligimizga kiritilayotgan o‘zgartirishlar, jinoiy jazolarning liberallashtirilishi, amnistiya va yarashuv institutlari, probatsiya xizmatining tashkil qilingani muhim ahamiyat kasb etmoqda.

– Xalqaro amaliyotdan maʼlumki, jinoyat sodir etgan shaxsni jamiyatdan ajratib qo‘yish orqali uni to‘g‘ri yo‘lga qaytarib bo‘lmaydi. Jinoyat-ijroiya qonunchiligining tubdan isloh qilinishi samarasida sohaga oid huquqiy normalar va institutlar xalqaro standartlar, ilg‘or xorijiy tajribalarni inobatga olgan holda takomillashtirilmoqda, – dedi R.Xatamov.

Ilmiy-amaliy anjumanda “Penitensiar tizimni takomillashtirishda davlat va xususiy hamkorlikning o‘rni”, “Jinoyat-ijroiya milliy qonunchiligiga xalqaro standartlarni implementatsiya qilish”, “Jinoyat-ijroiya tizimi modernizatsiyasi – demokratik mamlakatning strategik rivojlanishi timsoli”, “O‘zbekiston Respublikasida jinoyat-ijroiya qonunchiligini rivojlantirish istiqbollari”, “Jazoni ijro etish tizimida Nelson Mandela qoidalarini tatbiq etish”, “Penitensiar muassasalarda mahkumlar tomonidan sodir etiladigan jinoyatlar profilaktikasining dolzarb masalalari” mavzularida maʼruzalar tinglandi.

Mutaxassislar tomonidan jazoni ijro etish tizimida insonparvarlik tamoyilini keng qo‘llash, mahkumlar bilan muomala qilishning ilmiy asoslangan metodlarini joriy etish, mahkumlarni toifalash hamda ularga nisbatan differentsial tarzda yondashuv borasida ilg‘or ilmiy-amaliy tajribalarni o‘rganish, xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarni ijro etish bo‘yicha ichki ishlar organlarining boshqa davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek jamoat tuzilmalari bilan o‘zaro hamkorligini mustahkamlash, penitensiar huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etish bilan bog‘liq muammolarning oqilona yechimlari yuzasidan bir qator taklif hamda tavsiyalar bildirildi.

– Tizimni malakali kadrlar bilan taʼminlash dolzarb masalalardan biri sanaladi. Hozirda taʼlim muassasamizda “jinoiy jazolarni ijro etish faoliyati”, “xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik taʼminlash” kabi mutaxassisliklar bo‘yicha oliy maʼlumotli huquqshunos mutaxassislar tayyorlanmoqda. O‘quv jarayoniga tatbiq etilayotgan zamonaviy yondashuvlar, nazariya va amaliyot uyg‘unligidagi mashg‘ulotlar, kursantlarning kasbiy va malakaviy ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan pedagogik metodlar zamon talabiga mos kadrlar tayyorlashga imkon bermoqda, – dedi IIV Аkademiyasi Jinoyat-ijroiya kafedrasi boshlig‘i, polkovnik А.Shodiyev.

Аnjuman davomida bildirilgan fikr-mulohazalar sohada yechimini kutayotgan muammolarni samarali hal etish, jinoiy-ijroiya huquqi nazariyasi va amaliyotini yanada takomillashtirish, bu borada ilg‘or mexanizmlarni faoliyatga tatbiq etishga yo‘l ochishi taʼkidlandi.

 

IIV Аkademiyasining Аxborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech