IIV Akademiyasida “Ichki ishlar organlarida kadrlarning jangovar va jismoniy tayyorgarligini ta’minlashning bugungi holati: muammo va yechimlar” mavzuida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.
“Kasbiy tayyorgarlik oyligi” doirasida tashkil etilgan anjumanda Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Mudofaa vazirligi, Turizm va sport vazirligi, shuningdek turdosh oliy ta’lim muassasalaridan vakillar, ekspert va tadqiqotchilar hamda kursantlar ishtirok etdi.
Ta’kidlab o‘tilganidek, mintaqamiz va dunyoning ayrim mamlakatlarida yuzaga kelayotgan murakkab vaziyat, global xavf-xatarlar, ayniqsa xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm, noqonuniy migratsiya, odam savdosi kabi tahdidlar ichki ishlar organlari oldiga yangi-yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Professional ichki ishlar organi xodimi o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni mukammal bajarishi, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, jamiyatda qonun ustuvorligi hamda shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligini ta’minlashda nafaqat kasbiy, balki jangovar va jismoniy jihatdan ham chiniqishi kerak. Chunki ichki ishlar organi xodimi xizmat faoliyati davomida turli ekstremal holatlarga duch kelishi mumkin. Bunday vaziyatda u davlat va jamiyat xavfsizligi bilan birga, o‘z xavfsizligini ham ta’minlashi, buning uchun zarur maxsus tayyorgarlikka ega bo‘lishi lozim.
So‘nggi yillarda soha xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, shaxsiy tarkibning jismoniy va jangovar shayligini oshirish, maxsus-taktik va saf tayyorgarligi, o‘qotar qurollarni qo‘llash va undan foydalanish ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Biroq jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, turli nostandart vaziyatlarda huquqbuzar yoki jinoyatchiga nisbatan jangovar-jismoniy usullarni qo‘llashda faoliyatning uslubiy jihatlarini takomillashtirish masalasida yechimini kutayotgan muammolar ham mavjud.
Ilmiy-amaliy konferensiyada “Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari”, “Ichki ishlar organlari tizimida xodimlarning jangovar va jismoniy tayyorgarligini takomillashtirish”, “Harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligini tashkil etishning bugungi holati va istiqbollari”, “Jangovar va jismoniy tayyorgarlikni takomillashtirish – jamoat xafvsizligini ta’minlashning muhim ustuvor yo‘nalishi”, “Maxsus operatsiyalarda xodimlarning jangovar va jismoniy tayyorgarligini ta’minlash” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Ichki ishlar organlari sohasiga tatbiq qilinayotgan zamonaviy tendensiyalar, xodimlarning kasbiy va jangovar-jismoniy ko‘nikmalarini shakllantirish, nostandart vaziyatlarda umumiy va maxsus chidamlilik, kuch va tezkor-kuch qobiliyatini rivojlantirish metodlari, bu borada xorijiy davlatlar politsiya tizimida qo‘llanilayotgan innovatsion yondashuvlar muhokama qilindi. Mavjud muammolarning yechimlari bo‘yicha bir qator takliflar bildirildi. Tizim uchun professional kadrlar tayyorlash bo‘yicha zamonaviy talablardan kelib chiqib, turdosh oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida ilmiy-amaliy hamkorlikni takomillashtirish yuzasidan fikr almashildi.
Anjuman so‘nggida ko‘rgazmali o‘quv-metodik mashg‘ulotlar ham tashkil qilindi. IIV Akademiyasining Harbiy tayyorgarlik kafedrasi qoshidagi o‘q otish tiri hamda Jangovar va jismoniy tayyorgarlik kafedrasida o‘tkazilgan mashg‘ulotlar jarayonida to‘pponchadan o‘q otish, qo‘l jangi, sambo va jangovar sambo hamda shaxsiy himoyalanish usullarini qo‘llash amaliy jihatdan namoyish etildi. Mutaxassislar tomonidan xodimlarning jismoniy sifatlari va jangovar qobiliyatini shakllantirishning samarali mezonlarini amaliyotga tatbiq etish borasida tavsiyalar o‘rtaga tashlandi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati