Ochiqlik, tezkorlik va xolislik
O'z Ўзб Рус En

Yangiliklar

Iqtidorli kursantlar – tizimning ertangi tayanchi

28 May 2026, 22:22

58

Mamlakatimizda yoshlar bilan manzilli ishlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Ayniqsa, ichki ishlar organlari uchun vatanparvar, bilimli, mas’uliyatli va zamonaviy fikrlaydigan kadrlarni tayyorlash bugungi islohotlarning muhim bo‘g‘ini hisoblanadi.

Yoshlar kuni munosabati bilan IIV akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi doirasida bir guruh iqtidorli kursantlar bilan samimiy muloqot qildi.

Tadbir avvalida mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilgani, muhtaram Prezidentimiz tomonidan yosh avlodning bilim olishi, kasb-hunar egallashi, iqtidor va salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani alohida ta’kidlandi. Shu bilan birga, ichki ishlar organlarida zamonaviy fikrlaydigan, xalqchil hamda vatanparvar kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish dolzarb ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.

Akademiya boshlig‘i bugungi kunda kursantlar oldida turgan muhim vazifalarga to‘xtalib, zamonaviy bilimlarni chuqur o‘zlashtirishga, xorijiy tillarni mukammal egallashga, axborot texnologiyalaridan samarali foydalanib, tanlagan kasbining yetuk mutaxassisi bo‘lishga chaqirdi. Shuningdek, ichki ishlar organlari xodimi uchun mardlik, qat’iyat va xizmat burchiga vijdonan yondashish eng muhim mezonlardan ekanini qayd etdi.

“Sizlar akademiyaning eng faol va iqtidorli yoshlari sifatida tengdoshlaringizga o‘rnak bo‘lishingiz kerak. Bugun olgan bilim va ko‘nikmalaringiz ertangi xizmat faoliyatingiz uchun mustahkam poydevor bo‘ladi. Eng muhimi, tanlagan kasbingizga sodiq bo‘lib, xalqimiz ishonchini oqlashga doimo tayyor turishingiz zarur”, – dedi R. Xatamov.

Uchrashuvda kursantlarning o‘qishdagi yutuqlari, ilmiy-ijodiy izlanishlari, tashabbuslari va kelgusidagi maqsadlari yuzasidan fikr almashildi. Yoshlar ham so‘zga chiqib, o‘z fikr-mulohazalari, takliflari hamda amaliy rejalari bilan o‘rtoqlashdi. Bildirilgan masalalar yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.

Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan muloqot davomida o‘qishdagi muvaffaqiyatlari, tashabbuskorligi va fidoyiligi bilan namuna bo‘lib kelayotgan bir guruh yoshlar Akademiyaning faxriy yorlig‘i hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

IIV akademiyasi Axborot xizmati

Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech