Ichki ishlar vazirligi akademiyasi boshlig‘i Iqtidorli kursantlar kengashi a’zolari bilan uchrashdi. Muloqot davomida yoshlar tomonidan ta’lim samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan ilg‘or g‘oyalar ilgari surildi.
Yurtimizda yoshlarga oid davlat siyosati zamonaviy taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan. Kelajagimiz vorislarining orzu-havaslari, hayotiy maqsad-muddaolarini ro‘yobga chiqarish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yuksak ilm-ma’rifatli, yurt taqdiriga daxldor, vatanparvar va shijoatli o‘g‘il-qizlarni kamol toptirishga xizmat qilmoqda. Buning ezgu samaralari yosh avlod orasida yetishib chiqayotgan yangi-yangi iste’dodlar, iqtidor va salohiyat egalarining yutuqlari, jamiyatimiz ravnaqi yo‘lidagi faol tashabbus va intilishlarida namoyon bo‘layotgani quvonarli, albatta.
Ma’lumki, joriy yilning aprel oyida IIV Akademiyasi boshlig‘ining tashabbusi bilan Iqtidorli kursantlar kengashi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, kunduzgi ta’lim o‘quv guruhlaridan fanlarni yubori baholarga o‘zlashtirayotgan, kasbiy va ma’naviy-axloqiy fazilatlari, iqtidori, fidoiyligi, tashabbuskorligi bilan tengdoshlariga o‘rnak ko‘rsatayotgan eng faol o‘g‘il-qizlar kengash tarkibiga qabul qilingan edi. Shuningdek kengash a’zolarining har oyda bir marotaba ta’lim maskani boshlig‘i bilan uchrashuvini o‘tkazish orqali ularning o‘quv jarayonini samarali tashkil etish bo‘yicha fikrlari, taklif hamda tavsiyalarini o‘rganib, amaliyotga joriy qilish belgilangan.
Galdagi uchrashuvda Akademiya boshlig‘i, polkovnik Rustam Xatamov kengashning o‘tgan davr mobaynidagi faoliyatini sarhisob qildi. Aytib o‘tilganidek, yoshlarning zamon talablari darajasida bilim olishlari, kasbiy ko‘nikma va ma’naviy-axloqiy salohiyatlarini yuksaltirib borishlari maqsadida o‘quv jarayoniga qator yondashuvlar tatbiq etilmoqda.
Chunonchi, hozirda kunduzgi ta’lim kursantlari o‘quv tezkor-tergov guruhlari tarkibida Toshkent shahrida sodir etilgan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha voqea joyiga chiqib, nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar yordamida mustahkamlab kelmoqdalar. Poytaxtning Mirzo Ulug‘bek, Yashnobod va Yunusobod tumanlarida kunliy bazaviy amaliyot o‘tash imkoniyati yo‘lga qo‘yildi. Hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari ishtirokida o‘tkazilayotgan onlayn master-klass mashg‘ulotlari kursantlarning joylardagi kriminogen vaziyat bilan yaqindan tanishishi hamda hududlarning o‘ziga xos xususiyatiga moslashishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayni paytda yoshlarning xalqaro tajribani o‘rganishiga keng yo‘l ochilgan. Bundan tashqari, o‘quv dargohida ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy, badiiy-estetik tarbiya hamda jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishlarida bir qancha to‘garaklarning tashkil etilgani ularning o‘z qobiliyati va iqtidorini to‘la namoyon etishiga imkon bermoqda.
– Mamlakatimizda kechayotgan keng ko‘lamli yangilanishlar yoshlar zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi, – dedi o‘quv dargohi boshlig‘i. – Biz yoshlarni o‘ylantirayotgan muammolarga strategik muhim vazifa sifatida qarayotganimiz bejiz emas. Ayni jarayonda kengash a’zolari ta’lim muassasasi rahbariyati va kursantlar o‘rtasida asosiy “drayver”ga aylanishi kerak. Chunki yuksak bilim va dunyoqarashga ega, kreativ fikrlaydigan, har jabhada faol, tashabbuskor, vatanparvar kursantlarni tarbiyalash, bu borada ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va professional kadrlar bo‘lib yetishishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solish ustuvor maqsadimizdir.
Muloqot chog‘ida kiberxavfsizlik, IT-texnologiyalar va xorijiy tillarni o‘rganishga yo‘naltirilgan qo‘shimcha mushg‘ulotlar tashkil etish, iqtidorli kursantlarning ko‘krak nishonini ta’sis etish, ixtisoslik yo‘nalishlari bo‘yicha turdosh oliy ta’lim muassasalari yoshlari orasida bilimlar bellashuvini muntazam o‘tkazib borish, bazaviy amaliyot mashg‘ulotlari ko‘lamini ko‘paytirish, iste’dodli kursantlarning ijod namunalarini kitob holida nashrdan chiqarish borasida qator takliflar o‘rtaga tashlandi. Akademiya boshlig‘i tegishli xizmat va tarkibiy tuzilmalar rahbarlariga yoshlar tashabbuslarining amaliy ijrosini ta’minlash yuzasidan aniq vazifalarni yukladi. Kengash a’zolari o‘z tengdoshlariga o‘rnak bo‘lish barobarida, “Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burchimiz!” degan ezgu tamoyil asosida yoshlarni buyuk maqsadlar sari birlashtirishi lozimligi ta’kidlandi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati