O‘zbekiston va Isroil davlatlari o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992-yilda o‘rnatilgan. O‘tgan yillar mobaynida o‘zaro aloqalar manfaatli va teng huquqli hamkorlik asosida rivojlanib bormoqda.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasi hamda Isroil politsiya akademiyasi vakillarining onlayn muloqotida globallashuv sharoitida ikki tomonlama tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Qayd qilinganidek, xalqaro terrorizm, diniy radikalizm, transmilliy jinoyatchilik, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi kabi tahdidlarning avj olayotgani huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatiga zamonaviy tendensiyalarni keng joriy qilishni taqozo etmoqda. Bu borada xalqaro tajribani yanada ommalashtirish xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashning muhim kafolati bo‘lib xizmat qiladi.
Videouchrashuv chog‘ida ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida hamkorlikni kengaytirish, tizimga axborot texnologiyalarini keng joriy qilish, kiberxavfsizlik, xavfsiz turizm, jamoat tartibini saqlash va ommaviy tartibsizlarning oldini olish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘quv seminarlari tashkil etish, ta’lim muassasalari o‘rtasida tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish borasida istiqboldagi vazifalar belgilab olindi.
Shu kuni ikki tomonlama hamkorlik memorandumini imzolash uchun amalga oshirilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlarning tashkiliy jihatlari ham muhokama qilindi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati