IIV Akademiyasida “Xavfsiz poytaxt” konsepsiyasi doirasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli chora-tadbirlar va istiqboldagi muhim vazifalarga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Toshkent shahar IIBB bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda magistraturaning “tashkiliy-strategik boshqaruv” va “tashkiliy-taktik boshqaruv” yo‘nalishi tinglovchilari, kunduzgi ta’lim kursantlari, amaliyot xodimlari va o‘quv muassasasi professor-o‘qituvchilari qatnashdi.
Aytish joizki, so‘nggi yillarda jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikka qarshi samarali kurashish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirildi. Hududlarning o‘ziga xos xususiyatidan kelib chiqib “Xavfsiz poytaxt”, “Xavfsiz shahar”, “Xavfsiz hudud”, “Xavfsiz xonadon” singari konsepsiyalarning joriy qilingani kriminogen vaziyatni barqaror saqlash, sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarning o‘z vaqtida oldini olish, jamoat tartibini saqlashda mavjud kuch va vositalarni samarali boshqarish bilan bir qatorda, ichki ishlar organlarining faoliyat samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Davra suhbatida bosh boshqarma boshlig‘i, general-mayor Aziz Toshpo‘latov so‘z olib, “Xavfsiz poytaxt” konsepsiyasi doirasida bajarilayotgan kompleks chora-tadbirlar, jamoat xavfsizligini ta’minlashda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanishning afzallik jihatlariga to‘xtalib o‘tdi. Uning qayd etishicha, tizimga joriy qilinayotgan integratsiyalashgan tizimlar kriminogen vaziyatga tezkor ta’sir ko‘rsatish, uni nazorat qilish va baho berish imkonini bermoqda.
Tadbirda joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Toshkent shahrida qayd etilgan jinoyatlar, ularning sabab va sharoitlari, kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek Situatsion boshqaruv markazi, “Geoinformatsion elektron xarita” avtomatlashtirilgan dasturi, “Face ID” qurilmalarining vazifalari, ularni boshqarish mexanizmlari taqdimot tarzida namoyish etildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati